«Uzum» 3 yilda foydaga chiqdi: EBITDA ijobiy

15.02.2026 | 12:402 daqiqa

«Uzum» 2025 yil yakunlarini e’lon qildi. Eng asosiy burilish — e-commerce yo‘nalishida birinchi marta ijobiy EBITDA qayd etildi. Bu raqamlar nima anglatadi?

«Uzum» 3 yilda foydaga chiqdi: EBITDA ijobiy

«Uzum» guruhi 2025 yil moliyaviy natijalarini ochiqladi. Hisobotga ko‘ra, kompaniya strategik yondashuvni o‘zgartirgan: yangi servislar ishga tushirish o‘rniga mavjud xizmatlarni kengaytirish va ularni hududiy jihatdan chuqurlashtirishga urg‘u berilgan, deb yozmoqda «Beshtor».

Eng katta natija «e-commerce» segmentida qayd etildi. «Uzum» birinchi marta ijobiy EBITDA ko‘rsatkichiga erishdi. Bu operatsion faoliyat o‘zini qoplay boshlaganini anglatadi. Ya’ni, biznes endi tashqi sarmoyaga to‘liq tayanayotgan modeldan uzoqlasha boshlagan.

Hisobotda keltirilishicha, tovar aylanmasi yil davomida 1,5 barobar o‘sib, 500 mln dollardan oshgan. Buyurtmalar soni 34 mlndan yuqori bo‘lgan.

Xizmatlar kengaydi

«Uzum Tezkor» 26 ta shaharga kirib bordi va mamlakat bo‘yicha eng keng qamrovli xizmatlardan biriga aylandi. «Uzum Market» esa 1500 ta buyurtma berish punktiga yetdi va 450 ta aholi punktini qamrab oldi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, hatto 500–600 kishi yashaydigan hududlarda ham marketpleys xizmatlari mavjud.

Kengayishda franshiza modeli muhim o‘rin tutgan. Tadbirkorlar uchun punkt ochish imkoniyati yaratilgani tarmoqni tez sur’atda rivojlantirgan.

Fintex ekotizimning muhim drayveriga aylangan. Hozir «Uzum Market» va «Uzum Tezkor»dagi buyurtmalarning 50 foizdan ortig‘i «Uzum Visa» kartasi orqali to‘lanmoqda. Kartalar soni 4 mlndan oshgan. Ilgari bu ko‘rsatkich 1,5 mln atrofida edi.

Raqamlar va istiqbol

Muddatli to‘lov va mikroqarzlar hajmi 3 barobar o‘sib, 1,2 mlrd dollarga yetgan. «Uzum Bank» omonat xizmatini yaqinda yo‘lga qo‘yganiga qaramay, 50 mln dollardan ortiq mablag‘ jalb qilgan.

Kompaniya ta’kidlagan yana bir jihat — 11.11 aksiyasi davomida mijozlar «Uzum» kartasi orqali 400 ming dollardan ortiq mablag‘ni tejagan. Bu ekotizim ichidagi o‘zaro bog‘liq modelning samarasini ko‘rsatadi.

Jahon amaliyotida marketpleyslar odatda ijobiy EBITDAga chiqish uchun 5–6 yil sarflaydi. «Uzum» esa bu bosqichga 3 yil ichida yetib kelganini ma’lum qildi.

Teglar

Mavzuga oid