«Vahimaga o‘rin yo‘q» — vazirlik telefon raqamlar savdosiga izoh berdi

Bugun 14:202 daqiqa

Raqamli texnologiyalar vazirligi virtual raqamlar sotilayotgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirib, bunday xizmatlar fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlariga tahdid tug‘dirmasligini ma’lum qildi.

«Vahimaga o‘rin yo‘q» — vazirlik telefon raqamlar savdosiga izoh berdi

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbek telefon raqamlari norasmiy serverlarda sotuvga qo‘yilgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Ushbu holat yuzasidan Raqamli texnologiyalar vazirligi rasmiy bayonot bilan chiqdi.

Vazirlikka ko‘ra, tarqalgan skrinshotlar norasmiy onlayn servis — smsfast.com platformasidan olingan. Mazkur xizmatda nafaqat O‘zbekiston, balki AQSH, Kanada, Buyuk Britaniya, BAA, Portugaliya va Vietnam kabi davlatlarga oid virtual raqamlar ham mavjud.

Qayd etilishicha, bunday virtual raqamlar faqat qisqa muddatli foydalanish uchun mo‘ljallangan. Ular orqali ijtimoiy tarmoqlar, elektron pochta va boshqa platformalarda ro‘yxatdan o‘tish uchun bir martalik SMS-kod — OTP olish mumkin, xolos.

«Virtual raqamlardan telefon raqami sifatida foydalanib bo‘lmaydi va internet xizmatlaridan foydalanish imkoniyati mavjud emas. Shu bilan birga, fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlarini noqonuniy qo‘lga kiritish imkoni mavjud emasligi sababli vahimaga o‘rin yo‘q», — deyiladi vazirlik bayonotida.

«Tizim joriy etilib, doimiy takomillashtirib borilmoqda»

Shuningdek, vazirlik axborot texnologiyalari orqali sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi choralar kuchaytirilganini ma’lum qildi. Xususan, barcha mobil aloqa operatorlari tarmoqlarida raqamlarni soxtalashtirish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimi joriy etilgan hamda muntazam takomillashtirib borilmoqda.

Vazirlik ta’kidlashicha, soxta raqamlardan foydalanish orqali feyk akkauntlar yaratish holatlari bugungi kunda global muammoga aylangan.

Ma’lumot uchun, Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 6-yanvarda tasdiqlangan «Telekommunikatsiyalar xizmatlarini ko‘rsatish qoidalari»ga ko‘ra, operator va abonent o‘rtasida shartnoma tuzish endilikda yuzni biometrik identifikatsiyalash (Face-ID) orqali tasdiqlanadi.

Bundan tashqari, my.gov.uz portalidagi «Mening raqamlarim» xizmati orqali foydalanuvchilar o‘z nomiga rasmiylashtirilgan barcha mobil raqamlarni kuzatib borish imkoniga ega.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 60 ming o‘zbekistonliklarning ma’lumotlari darknetga sizib chiqqanligi haqida xabarlar tarqalgan edi.

Teglar

Mavzuga oid