Logo

Vaqt.uz yoritgan shavvozlar ishi: Sud Toshkent va Chinozdagi firibgarlik bo‘yicha 25 nafar ayblanuvchiga hukm o‘qidi

Bugun 15:402 daqiqa

Vaqt.uz o‘rgangan sud hujjatlariga ko‘ra, Toshkent shahar sudining apellyatsiya instansiyasi qurilish sohasidagi yirik firibgarlik ishi bo‘yicha birinchi instansiya hukmini bekor qilib, Xayrulla Xatamov va yana 24 nafar shaxsga nisbatan yangi hukm chiqardi. Sudlanuvchilar yuzlab fuqarolarni uy-joyli qilish va’dasi bilan aldash, o‘zlashtirish, qalbaki hujjatlar tayyorlash hamda soliqdan bo‘yin tovlash kabi qator jinoyatlarda aybdor deb topildi.

Vaqt.uz yoritgan shavvozlar ishi: Sud Toshkent va Chinozdagi firibgarlik bo‘yicha 25 nafar ayblanuvchiga hukm o‘qidi © Ijtimoiy tarmoqlar

Jinoyat holatlari asosan Toshkent shahrining Yashnobod tumani Izzat ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uy, «Olmos» MFYdagi tugallanmagan ko‘p qavatli uy hamda Chinoz tumanidagi uy-joy loyihalarida sodir etilgan. Ushbu obyektlar bo‘yicha yuzlab fuqarolar jabrlanuvchi sifatida e’tirof etilgan.

Sud qaroriga ko‘ra, asosiy ayblanuvchilarga 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jumladan, Xayrullo Xatamov 9 yil 4 oy, Xurshid Toshpo‘latov 9 yil 5 oy, Ahror Akramov 9 yil 6 oy va Bahromjon Qayumov 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Ibrohimjon Kamishev va Bahramjon Sarimsoqov kabi boshqa ayblanuvchilarga ham 8-9 yil atrofida qamoq jazosi belgilandi. Ayrim sudlanuvchilarga nisbatan qo‘llangan garov ehtiyot chorasi bekor qilinib, ular sud zalidan qamoqqa olindi. Sudlanuvchi Xatamovning belgilangan tartibni buzgani sababli 100 mln so‘mlik garov puli davlat daromadiga o‘tkazilgan bo‘lsa, Toshpo‘latov va Akramov tomonidan kiritilgan garov mablag‘lari jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni qoplashga yo‘naltirildi.

Sudlanuvchilardan biri Yodgorbek Rahmonovga 8 yil 7 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, Jinoyat kodeksining 72-moddasiga asosan 3 yillik sinov muddati bilan shartli deb hisoblandi. Unga yetkazilgan moddiy zarar va soliq qarzdorligini to‘lash majburiyati yuklatildi.

Apellyatsiya instansiyasi hukmi bilan jabrlanuvchilarga yetkazilgan milliardlab so‘mlik zararni undirish belgilandi. Shuningdek, Toshkent shahri hokimligi foydasiga 157,3 mlrd so‘m, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi foydasiga qariyb 84 mlrd so‘m, «Ipoteka bank» va Milliy bank foydasiga esa bir necha o‘n milliard so‘m zarar qoplanishi ko‘rsatib o‘tildi. Sud, shuningdek, uy-joylar uchun to‘liq to‘lov qilgan fuqarolarning mulk huquqlarini rasmiylashtirish va boshqa nizoli holatlar bo‘yicha fuqarolik sudlariga murojaat qilish tartibini tushuntirdi.

Eslatib o‘tamiz, Vaqt.uz avval ham Yashnobod tumanidagi ushbu qurilish firibgarligi ortidan besh yildan buyon uy-joysiz va sarson bo‘lib kelayotgan fuqarolar muammosini yoritgan edi.

Teglar

Mavzuga oid