Logo

Vazir o‘zgardi. Endi chiroq yonadimi?

Kecha 21:555 daqiqa

Bir paytlar energetika tizimidagi muammolar sabab vazir o‘rinbosari lavozimidan tanqidlar bilan ishdan olingan Sherzod Xo‘jayev endi Energetika vaziri bo‘ldi. 2022-yildan hozirgacha Energetika vaziri sifatida ishlab kelgan Jo‘rabek Mirzamahmudov esa bu lavozimdan olindi.

Vazir o‘zgardi. Endi chiroq yonadimi, blekaut bo‘lmaydimi, metan gazga turnaqator navbatda turilmaydimi? Muammo vazirdami yoki tizimda? Bugun shu haqda.

24-iyul kuni mahalliy OAVlar o‘z manbalariga tayanib bergan xabar oradan 3 kun o‘tib tasdiqlandi. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov ishdan olingani rasman Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov tomonidan e’lon qilindi. Ma’lum qilinishicha, Jo‘rabek Tursunpo‘latovich Mirzamahmudov O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri lavozimidan Prezident farmoni bilan ozod etilgan.

Mirzamahmudov ham boshqa energetika vazirlari singari juda ko‘p tanqid qilingan. U bir tomondan O‘zbekiston energetikasida eng yirik islohotlar boshlangan davrga rahbarlik qildi, ikkinchi tomondan esa aholi eng ko‘p elektr va gaz taqchilligini his qilgan yillar ham aynan uning vazirligi davriga to‘g‘ri keldi.

Mirzamahmudovning vazirligi davrida xorijiy investorlar bilan milliardlab dollarlik energetika loyihalari amalga oshirildi, dermiz. Biroq ko‘pchilik uni, avvalo, oddiy iste’molchilar duch kelgan muammolar bilan eslaydi.

2022–2023 yillar qishidagi elektr uzilishlari, gaz bosimining pasayishi, metan gaz shoxobchalaridagi uzun navbatlar, elektr va gaz tariflarining bosqichma-bosqich oshirilishi uning vazirligi davrida eng ko‘p muhokama qilingan masalalar bo‘ldi. Bundan tashqari, Mirzamahmudov tizimni tanqid qilgan jamoatchilik faolini sudga bergan va u bilan sudlashgan vazir sifatida ham tarixda qoldi.

Albatta, bu muammolarning barchasini faqat bir vazir faoliyati bilan bog‘lab bo‘lmaydi. Energetika — ko‘p yillik investitsiyalar, infratuzilma va boshqaruvga bog‘liq murakkab tizim. Shu sabab bugun ham asosiy savol o‘zgarmay qolmoqda: yangi vazir, bo‘lganda ham 3 yil avval tizimdagi kamchiliklar sabab ishdan olingan Sherzod Xo‘jayev endi muammolarni hal qila oladimi yoki muammo shaxsda emas, tizimning o‘zidami?

Aynan shu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan 27-iyul kuni o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida javob berdi.

"Ochiq aytish kerak. Energetikada muammo mablag‘da emas, chunki qancha kerak bo‘lsa, topib beryapmiz. Muammo tizimning boshqaruvida!" — degan davlat rahbari.

Energetika vazirligining boshiga kelgan Sherzod Xikmatullayevich Xodjayev aytganimizdek, tizimga begona emas. U 1998 yildan beri energetika sohasida ishlab keladi. Xo‘jayev 2019–2023 yillarda energetika vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan. 2023 yil yanvar oyida o‘z faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani sababli Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev, energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xodjayev va "Issiqlik elektr stansiyalari" AJ boshqaruvi raisi Farhod Abduraxmanov lavozimlaridan ozod etilgandi.

Xo‘jayev o‘rinbosar lavozimidan ketib, O‘zbekiston Respublikasi Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi direktori sifatida ishini davom ettirayotgandi. Endi esa u yana vazir.

Prezident videoselektor yig‘ilishida tizimdagi jiddiy kamchiliklar haqida gapirdi. Davlat rahbari investorlar bilan bir necha bor shaxsan uchrashib, ularning takliflarini eshitganini aytib, har bir yirik loyihani amalga oshirish uchun sharoit yaratilgani va zarur kafolatlar berilganini ta’kidladi.

Natijada energetika sohasiga 23 milliard dollar xorijiy investitsiya kiritilgan va joylarda 9,5 gigavattli elektr stansiyalari ishga tushirilgan.

So‘nggi yillarda elektr va gaz tarmoqlari, podstansiyalar, transformatorlar va gaz taqsimlash qurilmalarini yangilash uchun 30 trillion so‘m ajratilgan va bu oldingi 25 yilda yo‘naltirilgan mablag‘dan 6 karra ko‘p.

"Ochiq aytish kerak. Energetikada muammo mablag‘da emas, chunki qancha kerak bo‘lsa, topib beryapmiz. Muammo tizimning boshqaruvida!" — dedi Prezident.

Prezident Energetika vazirligi va uning quyi bo‘g‘inlaridagi rahbarlarda ijro va mas’uliyat yetishmayotganini tanqid qildi.

"Takror aytaman: tizimdagi har bir rahbarning qilayotgan ishi, eng avvalo, odamlarning hayotida, turmush tarzida sezilishi, tadbirkorlarning mushkulini oson qilishi kerak", dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident har yili yoz va qishda o‘nlab podstansiyalarda avariya bo‘lib, yuzlab transformatorlar yonib ketayotganini tanqid qildi va iyun–iyul oylarining o‘zida 4 mingga yaqin avariya sodir bo‘lib, aholi va tadbirkorlar 8–10 soatgacha elektrsiz qolganini ma’lum qildi.

Shuningdek, davlat rahbari hokimlarni ham chetlab o‘tmadi. Uning aytishicha, bugungi kunda ayrim hokimlarda infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha aniq hisob-kitob mavjud emas.

Shuningdek, Prezident yangi energetika vaziri Sherzod Xodjayev, "Hududiy elektr tarmoqlari"ning yangi rahbari Sardor Isaqulov va Energiya inspeksiyasining yangi boshlig‘i Ahad Isoqjonov bugundan yangicha ish uslubini joriy qilishi shartligini ta’kidladi.

"Hokimlar ham 'Bu energetiklarning ishi' deb xotirjam o‘tirishga haqqi yo‘q. So‘rov qattiq bo‘ladi", dedi Prezident.

Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi besh yilda aholining elektr iste’moli 68 milliondan 102 million kilovatt-soatga, ya’ni 1,5 karra oshgan. Lekin bu davrda bor-yo‘g‘i 60 ta transformator va 240 kilometr tarmoq yangilangan. Yil boshidan elektr yo‘qotishlari 30 million kilovatt-soatga yetgan, tarmoqlarda 37 ta avariya sodir bo‘lgan.

To‘lov intizomi yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani sababli debitor qarzdorlik 43 milliard so‘mga chiqib ketgan. Shuning 9,4 milliard so‘mi noreal qarzdorlik hisoblanadi.

Bir so‘z bilan aytganda, vazir o‘zgardi. Endi energetika sohasiga kiritilayotgan milliard dollarlik sarmoyalar qog‘ozda yoki yig‘ilishlardagi hisobotlarda emas, oddiy xalqning xonadonida — yorug‘lik va issiqlik bo‘lib sezilishi shart.

E’tiborlisi shundaki, uch yil avval aynan shu tizimdagi qishki inqiroz sababli qattiq tanqid ostida ishdan olingan rahbar endi vaziyatni o‘nglash uchun eng yuqori lavozimga qaytarildi. Hukumat unga ikkinchi imkoniyatni berdi.

Oldinda esa hammamizni yana bir bor eng katta va shafqatsiz imtihon — kuz-qish mavsumi kutib turibdi. Xo‘sh, endi nima bo‘ladi? Tizim chindan ham o‘zgaradimi yoki faqatgina kursilardagi ismlar almashgani bilan qolamizmi?

Siz nima deb o‘ylaysiz? Yangi jamoa bu gal va’dalarning ustidan chiqa oladimi yoki qishni yana blekautlar va turnaqator navbatlar bilan o‘tkazamizmi?

Teglar

Feruza Najmiddinova

Feruza NajmiddinovaMaqolalar soni: 14

Barchasi

Mavzuga oid