«WhatsApp» foydalanuvchilarning xabarlarini o‘qiydi va ularni uchinchi shaxslarga topshiradi — Durov
Pavel Durov «WhatsApp»ning shifrlash tizimi haqida keskin bayonot berib, uni milliardlab foydalanuvchilarni chalg‘ituvchi holat sifatida baholadi.

«Telegram» va «VKontakte» asoschisi Pavel Durov «WhatsApp» messenjerining maxfiylik siyosati va shifrlash tizimi yuzasidan tanqidiy fikr bildirdi. U o‘zining Telegram-kanali orqali bu tizimni «iste’molchilarni aldash bo‘yicha tarixdagi eng yirik holat» deb atadi.
«Maxfiy eshik»
Durovning ta’kidlashicha, rasmiy bayonotlarga qaramay, «WhatsApp» platformasi foydalanuvchilarning shaxsiy xabarlarini o‘qiydi va ularni uchinchi tomonlarga taqdim etadi. U «Telegram» hech qachon bunday amaliyotga yo‘l qo‘ymagani va kelajakda ham bunday qilmasligini alohida urg‘uladi.
U o‘z postiga skrinshot ilova qilgan bo‘lib, unda «Meta» xodimlari, Irlandiyaning «Accenture» konsalting va texnologiya kompaniyasi hamda boshqa ehtimoliy uchinchi tomonlar «WhatsApp»ning manba kodidagi «maxfiy eshik» orqali foydalanuvchilarning xabarlariga kirish imkoniga ega bo‘lishi mumkinligi aytiladi.
Xabarlarga kirish imkoniyati
Ushbu «maxfiy eshik» «Meta» va «WhatsApp» xodimlariga yoki tashqi pudratchilarga «shaxsiy xabarlarni ko‘rish uchun shifrni chetlab o‘tish» imkonini beradi.
Garchi bu imkoniyatdan asosan «firibgarlik yoki qoidabuzarlik sifatida belgilangan xabarlarni tekshirish» uchun foydalanilsa-da, «Meta», «WhatsApp» va «Accenture» xodimlari foydalanuvchilarning xabarlariga «keng ko‘lamda kirish imkoniyatiga» ega ekani qayd etilgan.
Shu bilan birga, foydalanuvchilardan bunday amaliyotlar uchun alohida rozilik so‘ralmasligi ham tanqid qilingan.
Sud da’vosi
«Bloomberg» ma’lumotlariga tayanib, «DW» xabar berishicha, shu yilning yanvar oyida bir guruh xalqaro da’vogarlar «Meta Platforms» kompaniyasini «WhatsApp» messenjerining maxfiyligi va xavfsizligi haqida yolg‘on ma’lumot tarqatishda ayblab, sudga bergan.





