Logo

Xalqaro chempionat g‘olibiga 1,1 mlrd so‘m: texnikum o‘qituvchilari uchun qanday rag‘batlar joriy etildi?

Bugun 19:303 daqiqa

Texnikum o‘qituvchilarining maoshiga 200 foizgacha rag‘bat, sertifikati borlarga esa 50 foiz ustama to‘lanadi. «Yil o‘qituvchisi» tanlovi texnikumlar o‘rtasida ham o‘tkaziladi. Peshqadam texnikumlar esa har yili 1,32 mlrd so‘mdan rag‘batlantiriladi.

Xalqaro chempionat g‘olibiga 1,1 mlrd so‘m: texnikum o‘qituvchilari uchun qanday rag‘batlar joriy etildi? © Foto: stat.uz

Kasbiy ta’lim agentligi axborot xizmati rahbari Sadoqat Samandarova Media kontent tayyorlash markazida brifingda texnikum pedagoglari uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berdi.

Xalqaro va mahalliy tanlovlar uchun mukofotlar

Brifingda tanlov va xalqaro musobaqalardagi natijalar uchun ham mukofotlar belgilangani aytildi. «Yangi O‘zbekiston kasbiy mahorat» tanlovi g‘oliblari va ularga biriktirilgan amaliyot ustozlariga quyidagi miqdorda pul mukofoti beriladi:

— birinchi o‘rin uchun BHMning 100 baravari (44 mln so‘m);
— ikkinchi o‘rin uchun 80 baravari (35,2 mln so‘m);
— uchinchi o‘rin uchun 60 baravari (26,4 mln so‘m).

WorldSkills xalqaro chempionatida har bir kasb, ya’ni kompetensiya bo‘yicha g‘oliblar va ularning ustozlari quyidagicha rag‘batlantiriladi:

— oltin medal uchun g‘olibga BHMning 2500 baravari (1,1 mlrd so‘m), o‘qituvchisiga 450 baravari (198 mln so‘m);
— kumush medal uchun g‘olibga 1500 baravari (660 mln so‘m), o‘qituvchisiga 250 baravari (110 mln so‘m);
— bronza medal uchun g‘olibga 1000 baravari (440 mln so‘m), o‘qituvchisiga 150 baravari (66 mln so‘m).

Avvalroq, umumta’lim maktablari o‘qituvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan yangi formatdagi «Yil o‘qituvchisi» tanlovining 208 nafar tuman va shahar g‘olibiga ilk bor 616 mln so‘mdan mukofot berilgandi.

Kelgusi yildan esa prezident tashabbusi bilan ushbu tanlov 14 ta hududdagi texnikum ustalari o‘rtasida ham o‘tkaziladi.

2026-yildan boshlab milliy reytingda eng yuqori o‘rinlarni egallagan 50 ta texnikumning har biri har yili BHMning 3000 baravari, ya’ni 1,32 mlrd so‘m bilan rag‘batlantiriladi. Bundan tashqari, 150 nafar pedagog xorijiy davlatlarga malaka oshirish va stajirovkaga yuboriladi.

Xorijiy til o‘qituvchilari uchun subsidiya tartibi ham joriy etildi. Har o‘quv yilida V1 yoki unga tenglashtirilgan darajadagi xalqaro sertifikat olgan bitiruvchilari eng ko‘p bo‘lgan 50 nafar o‘qituvchiga Migratsiya agentligi jamg‘armasi hisobidan 50 mln so‘mdan subsidiya to‘lanadi.

Ustama va rag‘batlantirishlar

Texnikumlarda xalqaro ta’lim dasturlari bo‘yicha dars beradigan va yuqori natijaga erishgan o‘qituvchilar, ishlab chiqarish ta’limi ustalari, texnikum direktorlari hamda xalqaro ta’lim dasturini muvofiqlashtirish bo‘limi xodimlarini tarif stavkasiga nisbatan 200 foizgacha rag‘batlantirish imkoniyati yaratilgan.

Barcha texnikum pedagoglari uchun ustamalar ham belgilandi. Xorijiy va umumta’lim fanlari bo‘yicha milliy va xalqaro miqyosda tan olingan sertifikatga ega pedagoglarga bazaviy tarif stavkasining 50 foizi miqdorida ustama to‘lanadi. Menejerlik sertifikatiga ega texnikum direktorlariga 50 foiz, direktor o‘rinbosarlariga esa 30 foiz miqdorida oylik ustama beriladi.

2026–2027-o‘quv yilida 50 ta texnikumda, 2027–2028-o‘quv yilida esa barcha texnikumlarda bitta ishlab chiqarish ta’limi ustasiga 20 nafar o‘quvchi to‘g‘ri keladigan normativ joriy etiladi. Bu texnikumlarda ustalarning oyligini mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 15 baravarigacha, ya’ni 20,4 mln so‘mgacha belgilashga ruxsat berilgan.

Ustalarning stavkasi umumiy o‘rta ta’lim maktabidagi birinchi malaka toifali o‘qituvchining bazaviy tarif stavkasiga tenglashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq har yili 208 ta tuman va shaharning lider o‘qituvchilariga 30 mln so‘mdan mukofot berilishi xabar berilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid