Xalqaro tashkilot jurnalistlar uchun eng xavfli armiyani aytdi
O‘tgan yili dunyo bo‘ylab 129 nafar ommaviy axborot vositalari xodimi o‘ldirilgan.

«Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi» (CPJ) o‘tgan yili dunyo bo‘ylab 129 nafar OAV xodimi o‘ldirilganini ma’lum qildi. Bu ko‘rsatkich soha tarixidagi yangi rekord bo‘lib, ushbu o‘limlarning uchdan ikki qismi uchun Isroil javobgar hisoblanadi. Hisobotda aytilishicha, Isroil armiyasi ketma-ket ikkinchi yil matbuot xodimlari uchun eng katta xavf manbai bo‘lib qolmoqda.
Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda Isroil armiyasining o‘t ochishi oqibatida 86 nafar jurnalist halok bo‘lgan. Ularning aksariyati G‘azo sektoridagi falastinlik muxbirlar bo‘lsa, 31 nafari Yamandagi media markazga berilgan zarba qurboni bo‘lgan. Ushbu voqea CPJ kuzatuvlari tarixidagi ikkinchi eng yirik talafot sifatida qayd etildi. Shuningdek, Isroil «qasddan o‘ldirish» deb tasniflangan 47 ta holatning 81 foizi uchun javobgar deb topilgan.
Hozirda G‘azoga chet ellik muxbirlar kiritilmayotgani sababli, halok bo‘lganlarning barchasi mahalliy xodimlar ekani aytilmoqda.
Boshqa xavfli hududlar sifatida Sudan (9 qurbon), Meksika (6) va Ukraina (4) tilga olingan. Ukrainadagi o‘limlar uchun Rossiya qo‘shinlari ayblanmoqda. Halok bo‘lganlar orasida Reuters muxbiri Xussam al-Masri ham bor bo‘lib, u G‘azodagi shifoxonadan to‘g‘ridan-to‘g‘ri efir uzatayotgan vaqtda halok bo‘lgan.





