Xantavirus yangi pandemiyaga aylanadimi? JSST bayonot berdi
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirga qadar kasallikning sakkizta holati tasdiqlangan bo‘lib, ularning uchtasi o‘lim bilan yakunlangan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti kruiz kemasida aniqlangan xantavirus holatlari yangi pandemiya boshlanganini anglatmasligini ma’lum qildi.
Tashkilot ekspertlari hozirgi paytda jamoat salomatligi uchun xavf darajasi past ekanini va vaziyat nazorat ostida saqlanayotganini ta’kidladi.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgacha kasallikning sakkizta holati tasdiqlangan. Ularning uchtasi o‘lim bilan yakunlangan.
Infeksiya tarqalishi asosan kruiz kemasi bilan cheklangan deb hisoblanmoqda. Hozirda kemada virusning yanada keng tarqalishining oldini olish uchun keng qamrovli sanitariya choralari amalga oshirilmoqda.
Virus qanday yuqadi?
Tashkilot mutaxassislari xantavirus odamdan odamga yuqishi uchun uzoq vaqt davomida yaqin muloqot talab qilinishini qayd etdi.
Bunday holatlar asosan oila a’zolari, yaqin sheriklar yoki bemorlarga yordam ko‘rsatayotgan tibbiyot xodimlari o‘rtasida kuzatilishi mumkin.
Shu sababli JSST hozircha yirik epidemiya yuzaga kelishini kutmayotganini bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, birinchi bemorda alomatlar 6-aprel kuni paydo bo‘lgan va u 11-aprel kuni vafot etgan. O‘sha vaqtda xantavirus gumon qilinmagani uchun tahlil namunalari olinmagan.
Yangi holatlar istisno emas
Birinchi bemorning turmush o‘rtog‘ida ham kasallik alomatlari kuzatilgan. U Muqaddas Yelena orolida kemani tark etgan va keyinchalik Yoxannesburgga parvoz vaqtida ahvoli og‘irlashgan. Ayol 26-aprel kuni vafot etgan.
Uchinchi qurbon kemadagi yo‘lovchilardan biri bo‘lib, unda alomatlar 28-aprel kuni boshlangan va 2-may kuni hayotdan ko‘z yumgan.
Yana bir kasallangan yo‘lovchi 24-aprel kuni kema shifokoriga murojaat qilgan va ertasi kuni evakuatsiya qilingan. Hozir u jonlantirish bo‘limida davolanmoqda.
JSSTning ta’kidlashicha, And xantavirusining inkubatsiya davri olti haftagacha cho‘zilishi mumkin. Shu bois kelgusida yangi holatlar aniqlanishi ehtimoli saqlanib qolmoqda. Biroq hozircha xalqaro miqyosdagi jiddiy xavf qayd etilmagan.





