
«Xavfli burilish»: Andijonda tuman hokimi somsaxonalardagi tandirlarni buzdirdi
Shahrixon tumani hokimi sud qarorisiz somsa yopiladigan tandirlarni ekskavatorlar bilan buzib tashladi.

Bugun, 3-dekabr kuni Andijonda havo ifloslanishiga qarshi reydlar doirasida ayrim somsaxonalardagi tandirlarbuzib tashlandi. Xususan, Shahrixon tumani hokimi boshchiligida somsa yopiladigan tandirlar ekskavatorlar bilan buzib tashlangan.
Tuman hokimligi bayonotida aytilishicha, reydlar viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovning topshirig‘i asosida o‘tkazilgan.
Havo sifatini yaxshilash bahonasida tandirlarning buzilishi ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi. Hokimlikning Telegram-kanalidan bu xabar, unga ilova qilingan video va suratlar o‘chirib yuborildi.
«Tandirga qarshi “urush” ochilibdi. Andijonda havoni somsa tandirlari ifloslantiryapti ekan», - deya yozdi Davletovuz kanali.
Iqtisodchi Behzod Hoshimov mulk masalasiga e’tibor qaratdi.
«Sud qarorisiz hech qaysi korxona yoki ixtiyoriy faoliyat turi to‘xtatilishi, hatto vaqtincha cheklanishi ham - xavfli burilish», - deb yozdi u.
Laziz Hamidov ham hokimlikni qonun normalarini inkor qilishda aybladi.
«Xususiy mulk faqat sud qaroriga binoan holdagina buzilishi mumkin emasmi? Hokimlarning xohish-istaklari oldida qonun va qarorlar ikkinchi darajalimi? Nimaga asosan tandirlarni buzyapti, hujjat, sud qarori bormi? Tandir masalasi — bu faqat tandirning o‘zi emas. Bu — xususiy mulk daxlsizligi, qonun ustuvorligi va mansabdor shaxsning mas’uliyati masalasi. Bugun tandir, ertaga boshqa birovning korxonasi ham hokimning xohishi bilan buzib tashlanaveradi bu ketishda», - deya yozdi u.
Oradan ko‘p o‘tmay Andijon viloyati hokimligi ushbu holat zudlik bilan o‘rganilib, mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan tuman hokimiga intizomiy jazo chorasi sifatida «hayfsan» berilgani, bunday holatlarni takrorlamaslik borasida tushuntirish ishlari olib borilganini xabar qildi.





