add

«Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston» temiryo‘li qurilishini moliyalashtirish bo‘yicha bitim imzolandi

Kecha 14:152792 daqiqa

Ushbu loyiha 4,7 mlrd dollarga baholanib, Xitoy kreditlari va uch davlat qo‘shma hissasi hisobidan amalga oshiriladi.

«Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston» temiryo‘li qurilishini moliyalashtirish bo‘yicha bitim imzolandi

Bishkek shahrida 16-dekabr kuni «Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston» temiryo‘lini qurish loyihasini moliyalashtirish bo‘yicha muhim kredit bitimi imzolandi. Bu haqda Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, mazkur bitim «Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temiryo‘l kompaniyasi» MCHJ hamda Xitoy davlat taraqqiyot banki va Xitoy Eksimbanki ishtirokidagi Xitoy banklari sindikati o‘rtasida tuzildi. Ushbu kelishuv mintaqaviy transport infratuzilmasini rivojlantirishda strategik ahamiyatga ega deb baholanmoqda.

Ta’kidlanishicha, loyihaning umumiy qiymati 4,7 milliard dollarga teng. Shundan qariyb 2,3 milliard dollari qo‘shma loyiha kompaniyasiga 35 yil muddatga kredit sifatida ajratiladi. Kredit mablag‘larini qaytarish bevosita temiryo‘l loyihasini amalga oshiruvchi kompaniya zimmasiga yuklanadi.

Qolgan 2,3 milliard dollar esa qo‘shma loyiha kompaniyasining ustav kapitaliga hissa sifatida kiritiladi. Ustav kapitalida Xitoy tomonining ulushi 51 foizni, Qirg‘iziston va O‘zbekistonning ulushi esa 24,5 foizdan tashkil etadi. Bu taqsimot loyihada Xitoyning yetakchi investor sifatida ishtirokini ko‘rsatadi.

Imzolash marosimida Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari Bakit Torobayev loyihani to‘liq moliyalashtirish 2025 yil 20-dekabrga qadar yakunlanishi shart ekanini ta’kidlab, mazkur talab muddatidan oldin bajarilganini ma’lum qildi.

«Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston» temiryo‘li texnik jihatdan mintaqadagi eng murakkab infratuzilma loyihalaridan biri hisoblanadi. Qurilish doirasida 120 kilometr umumiy uzunlikka ega 50 ta ko‘prik va 29 ta tunnel barpo etish rejalashtirilgan bo‘lib, bu temiryo‘l trassasining qariyb 40 foizini tashkil etadi.

Teglar

Mavzuga oid