Logo

Xorijiy marketpleyslarning O‘zbekistonda soliq hisobiga turishi va QQS to‘lashi majburiy etib belgilanmoqda

Bugun 14:233 daqiqa

Shavkat Mirziyoyev elektron tijorat sohasidagi tomonlarning huquq va majburiyatlarini aniqlashtiruvchi qonunni imzoladi. Hujjat xorijiy marketpleyslar uchun O‘zbekistonda soliq hisobiga turish, QQS to‘lash va hisobot topshirish talablarini ham belgilaydi.

Xorijiy marketpleyslarning O‘zbekistonda soliq hisobiga turishi va QQS to‘lashi majburiy etib belgilanmoqda © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Shavkat Mirziyoyev 10-sentabr kuni O‘zbekistonda elektron tijoratni tartibga solishni kuchaytirishga qaratilgan qonunni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.

Qonun bilan elektron tijorat sohasidagi tomonlarning huquq va majburiyatlarini aniqlashtirishga qaratilgan qator qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan fevral oyida qabul qilinib, may oyida Senat tomonidan ma’qullangan.

Transchegaraviy elektron tijorat tushunchasi belgilandi

Qonunda ilk bor transchegaraviy elektron tijorat tushunchasiga huquqiy ta’rif berildi.

Unga ko‘ra, elektron tijorat operatsiyasi ishtirokchilari, jumladan operatorlar, turli davlatlarda joylashgan bo‘lsa va ulardan kamida biri O‘zbekistonda bo‘lsa, bunday operatsiya transchegaraviy elektron tijorat hisoblanadi.

Shuningdek, marketpleyslar orqali tovar yetkazib beruvchi yuridik shaxslarga yuborilgan qog‘oz va elektron hujjatlar, agar elektron xizmatlar O‘zbekistonda realizatsiya qilinsa, yuborilgan kundan 30 kun o‘tgach olingan deb hisoblanadi.

Sotuvchilarning javobgarligi belgilanadi

Qonunda sotuvchilarning elektron tijoratdagi javobgarligi ham aniqlashtirildi.

Jumladan, sotuvchi elektron tijorat operatorlari tizimlari orqali tuzilgan shartnomalar bo‘yicha o‘z faoliyatiga doir majburiyatlarni bajarishi kerak.

Shuningdek, sifatsiz tovar va xizmatlarni yetkazib berish yoki sifatsiz nooziq-ovqat mahsulotlarini almashtirish bilan bog‘liq xaridorlar bilan nizolar yuzaga kelganda sotuvchi javobgar bo‘ladi.

Agar sotuvchi xaridorning qonuniy talablarini qondira olmasa va shartnomada yoki qonunchilikda boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa, elektron tijorat operatori xaridor oldida subsidiar javobgarlikka ega bo‘ladi.

Xorijiy marketpleyslar soliq hisobiga turadi

Qonun bilan Soliq kodeksiga ham o‘zgartirishlar kiritildi. Ular O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi xorijiy elektron savdo platformalariga taalluqli.

Xorijiy marketpleyslar O‘zbekistondagi rezidentlarga xizmat ko‘rsatuvchi xorijiy internet-kompaniyalarga tenglashtiriladi va tegishli soliq majburiyatlariga ega bo‘ladi.

Ular O‘zbekistonda sotilgan tovarlar bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) to‘lashi kerak.

Xorijiy marketpleys O‘zbekistondagi birinchi bitim amalga oshirilganidan keyin 30 kun ichida Soliq qo‘mitasining elektron ofisida hisobga turish uchun ariza berishi lozim. Faoliyatini mamlakat hududida to‘xtatgan platforma esa hisobdan chiqarish uchun 30 kun ichida murojaat qilishi mumkin.

Marketpleyslar har chorakda hisobot beradi

O‘zbekistonda soliq hisobida turgan xorijiy elektron savdo maydonchalari har chorakda soliq organlariga hisobot topshiradi.

Soliqlar hisobot topshirishning oxirgi muddatidan kechiktirmay — hisobot choragidan keyingi oyning 20-sanasigacha to‘lanishi kerak. Masalan, birinchi chorak uchun soliq 20-aprelgacha to‘lanadi.

Jismoniy shaxslarga O‘zbekiston hududida marketpleyslar orqali tovar sotilganda soliq bazasi tovarning sotishdagi haqiqiy qiymati, soliq summasi hisobga olingan holda aniqlanadi.

Xorijiy sotuvchilar uchun marketpleys operatorlari soliq agenti bo‘ladi

O‘zbekistondagi marketpleyslar orqali xorijiy kompaniyalar jismoniy shaxslarga tovar va xizmatlar sotgan holatlar ham qonun bilan tartibga solinadi.

Agar marketpleys operatori xorijiy sotuvchilar foydasiga hisob-kitoblarni amalga oshirsa, u soliq agenti hisoblanadi.

Shu tariqa, yangi tartib nafaqat O‘zbekistondagi elektron tijorat ishtirokchilarining huquq va majburiyatlarini aniqlashtiradi, balki mamlakatda faoliyat yuritayotgan xorijiy marketpleyslarning soliq majburiyatlarini ham belgilaydi.

Qonun rasmiy e’lon qilinganidan tri oy o‘tgach — 2026-yil 12-dekabrdan kuchga kiradi.

Teglar

Mavzuga oid