add

Xorijiy til o‘qituvchilari majburan ishdan bo‘shatilyapti — Mehnat inspeksiyasi

Bugun 10:552 daqiqa

Davlat mehnat inspeksiyasi chet tili o‘qituvchilariga oylik bermay, majburan ishdan bo‘shatyotgan ish beruvchilarni ogohlantirdi.

Xorijiy til o‘qituvchilari majburan ishdan bo‘shatilyapti — Mehnat inspeksiyasi

O‘zbekistonda chet tillaridan dars beruvchi o‘qituvchilarga nisbatan mehnat qonunchiligiga zid holatlar ko‘paymoqda. Davlat mehnat inspeksiyasiga kelib tushayotgan murojaatlarda ayrim ish beruvchilar ustozlarga ish haqi hisoblamay qo‘ygani, ularni ishdan chetlatgani yoki majburan ariza yozdirib, ishdan bo‘shatgani qayd etilmoqda. Inspeksiya bu kabi amaliyotlarni ochiqdan-ochiq qonunbuzarlik deb baholadi.

Mehnat inspeksiyasi ma’lum qilishicha, har bir aniqlangan holat bo‘yicha belgilangan tartibda chora ko‘riladi. Qonunbuzar ish beruvchilarga nisbatan javobgarlik choralari qo‘llanishi, o‘qituvchilarning mehnat huquqlari tiklanishi ta’minlanishi aytildi. Shuningdek, shunday vaziyatga duch kelgan fuqarolar inspeksiyaga murojaat qilishga chaqirildi.

Mazkur muammo so‘nggi yillarda chet til o‘qituvchilariga qo‘yilayotgan talablar bilan bog‘liq. Hukumat 2021 yildan boshlab chet tildan dars beruvchi o‘qituvchilar kamida B2 darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lishini shart qilib qo‘ygan. Bu talab Vazirlar Mahkamasi qarori bilan mustahkamlangan.

Qaror ijrosi dastlab 2024 yilga belgilangan edi. Ammo barcha o‘qituvchilar belgilangan muddatda sertifikat ola olmagani sabab talab avval 2025 yil kuziga, keyin esa yana kechiktirilib, 2026 yil 1-yanvargacha amal qilish muddati uzaytirildi. Shu davrda sertifikatga ega bo‘lmagan o‘qituvchilarga ishlashga ruxsat berilgan.

Shunga qaramay, amalda ayrim hududlarda o‘qituvchilar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilinmoqda. 2025 yil iyul oyida Kasaba uyushmalari tomonidan sertifikati yo‘q o‘qituvchilarni ishdan bo‘shatmaslik bo‘yicha tegishli idoraga taklif kiritilgan. Vazirlik esa sertifikatga ega bo‘lmagan o‘qituvchilarni ishdan bo‘shatish bo‘yicha rasmiy ko‘rsatma berilmaganini ma’lum qilgan.

Teglar

Mavzuga oid