Xususiy universitetlar milliardlab foyda ko‘rmoqda: 2025-yilda kim eng ko‘p pul topdi?
O‘zbekistondagi xususiy universitetlar qancha daromad qiladi va qancha foyda ko‘radi? Vaqt.uz 2025-yil yakunlari bo‘yicha ularning tushumi, sof foydasi hamda to‘lagan soliqlari bo‘yicha reyting tayyorladi.

O‘zbekistonda 2025-yilda eng ko‘p daromad qilgan, foyda olgan va soliq to‘lagan xususiy universitetlar ro‘yxati ma’lum bo‘ldi. Vaqt.uz iHamkor.uz ma’lumotlaridan foydalangan holda, eng ko‘p foyda olganlar reytingini shakllantirdi.
Reytingda birinchi o‘rinni Toshkent kimyo xalqaro universiteti egalladi. Uning daromadi o‘tgan yil davomida 1,1 trln so‘mni tashkil qildi. Sof foyda esa 872 mlrd so‘m bo‘lgan bo‘lsa, to‘langan soliqlar 68,1 mlrd so‘mga yetdi.
Shunga qaramay, universitetning moliyaviy ko‘rsatkichlari 2024-yilga nisbatan (Pinkod.uz bu reytingni taqdim qilgandi) sezilarli pasaygan.
Xususiy universitetning daromadi yil davomida 25,5 foizga, foydasi esa 38,6 foizga kamayib ketdi. Biroq, to‘langan soliqlar bu davrda 76 foizga ko‘paygan.
Ikkinchi o‘rinni Toshkent amaliy fanlar universiteti egalladi. Uning foydasi 219 mlrd so‘mni tashkil qildi. Daromad 367,7 mlrd so‘m, to‘langan soliqlar 35,4 mlrd so‘m bo‘ldi.
Kuchli uchlikni Alfraganus universiteti yopib berdi. Universitet 2024-yilda ikkinchi o‘rinda edi. 2025-yilda uning foydasi 30,2 foizga kamayib, 210,1 mlrd so‘mni tashkil qildi. Daromad 403,8 mlrd so‘m, soliqlar 46,3 mlrd so‘m bo‘ldi.
O‘tgan yili kuchli beshlikda bo‘lgan TMC Institute foydasi uchdan birga kamaygan. Natijada institut 2025-yilda reytingda 20-o‘ringa tushib ketdi.





