YAIM hajmi bo‘yicha yetakchi hududlar ma’lum qilindi
2026 yil yanvar–mart oylarida O‘zbekistonda YAIM hajmi 8,7 foizga o‘sib, 447,9 trln so‘mga yetdi.
© assinews.itO‘zbekiston Respublikasida 2026 yilning yanvar–mart oylari yakunlariga ko‘ra yalpi ichki mahsulot hajmi 447,9 trln so‘mni tashkil etdi. Milliy statistika qo‘mitasi taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, iqtisodiyotning real o‘sish sur’ati 2025 yilning shu davriga nisbatan 8,7 foizni tashkil qildi.
Hududlar kesimida ko‘rsatkich
Hududlar kesimida yalpi hududiy mahsulot taqsimoti iqtisodiy faollikdagi tafovutlarni yaqqol namoyon qildi. Eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida qayd etildi — 94,5 trln so‘m. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 13 foizga o‘sgan bo‘lib, poytaxt iqtisodiyotining xizmatlar va moliya sohalari hisobiga jadal rivojlanayotganini ko‘rsatadi.
Ikkinchi o‘rinda Navoiy viloyati 52,6 trln so‘mlik YAIM bilan qayd etildi. Bu hududda sanoat va konchilik tarmoqlari ustuvor ahamiyat kasb etadi. Uchinchi o‘rinni Toshkent viloyati egallab, bu yerda yalpi hududiy mahsulot hajmi 43,2 trln so‘mni tashkil qildi va 7,6 foizlik o‘sish qayd etildi.
Keyingi o‘rinlarda Samarqand viloyati (27,6 trln so‘m, 9,6%), Farg‘ona viloyati (24,4 trln so‘m, 10,4%) va Andijon viloyati (22,7 trln so‘m, 8,6%) joylashgan. Shuningdek, Qashqadaryo viloyatida YAHM 19,5 trln so‘mni tashkil etib, 7,7 foizga o‘sgan bo‘lsa, Buxoro viloyatida bu ko‘rsatkich 18,2 trln so‘m va 9,6 foizni tashkil etdi.
Namangan viloyatida yalpi hududiy mahsulot 17,4 trln so‘mga yetgan va 8,8 foiz o‘sish qayd etilgan. Xorazm viloyati 14,3 trln so‘m va 10,6 foizlik o‘sish bilan ajralib turdi. Surxondaryo viloyatida esa 13,4 trln so‘m va 9,1 foizlik o‘sish qayd etildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida YAHM hajmi 12,5 trln so‘mni tashkil etib, o‘sish sur’ati 12,9 foizga yetdi. Jizzax viloyatida bu ko‘rsatkich 11,1 trln so‘m va 7,7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, Sirdaryo viloyatida 7,8 trln so‘m va 8,8 foizlik o‘sish qayd etildi.
So‘nggi besh yillik dinamika
YAIM dinamikasiga nazar tashlansa, so‘nggi yillarda barqaror o‘sish kuzatilmoqda. Xususan, 2022 yil yanvar–mart oylarida 186,7 trln so‘m bo‘lgan ko‘rsatkich 2023 yilda 228,9 trln so‘mga, 2024 yilda 276,9 trln so‘mga, 2025 yilda esa 372,8 trln so‘mga yetgan. 2026 yilda esa bu ko‘rsatkich 447,9 trln so‘mga chiqib, iqtisodiy o‘sishning izchil davom etayotganini ko‘rsatmoqda.





