
Yangi fan: ta’lim muassasalarida sun’iy intellektdan dars o‘tiladi
Shuningdek, transport, tibbiyot, kosmos sohalarida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish bo‘yicha ishlar olib boriladi.

O‘zbekistonda kelgusi o‘quv yilidan maktab, texnikum va oliygohlarda o‘quvchi va talabalarga sun’iy intellektni o‘qitish boshlanadi. Bu tashabbus bugun, 1-dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga sog‘liqni saqlash, ta’lim, transport va kosmos sohalarida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan berilgan taqdimot chog‘ida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, davlat rahbarining oktabr oyida qabul qilingan “Sun’iy intellekt texnologiyalarini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni va “Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030 yilga qadar rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan mamlakatda bu borada zarur infratuzilma barpo etish hamda kadrlar tayyorlash uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Jumladan, 2030 yilgacha strategiya tasdiqlanib, Raqamli texnologiyalar vazirligi huzurida tegishli markaz ochilgan. Sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish uchun zarur hisoblash infratuzilmasi barpo qilinmoqda. Jumladan, AQSHning Nvidia kompaniyasi bilan hamkorlikda super komputer klasterini ishga tushirish loyihasi amalga oshirilmoqda. Tibbiyot sohasida sun’iy intellekt bo‘yicha 5 ta loyiha joriy qilinmoqda. Xususan, insult, ko‘krak saratonini sun’iy intellekt yordamida aniqlash orqali diagnostika vaqti 80 foizga tejalib, hayot uchun xavfli holatlar barvaqt aniqlanmoqda.
Prezident bu yetarli emasligi, sun’iy intellekt yordamidagi diagnostikani ishlatish mumkin bo‘lgan kasalliklar turini yanada kengaytirish zarurligini qayd etgan.
Shu munosabat bilan xorijiy hamkorlar bilan birgalikda respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarida jigar, o‘pka va prostata bezi saratoni, infarkt va murakkab suyak sinishlarini diagnostika qilishda tibbiy suratlarni sun’iy intellekt yordamida tahlil qilish tizimlarini joriy etish rejalashtirilgan.
Kelgusi o‘quv yilidan maktab, texnikum va oliygohlarda o‘quvchi va talabalarga sun’iy intellektni o‘qitish boshlanadi. Buning uchun informatika o‘qituvchilari tayyorlanmoqda. Lekin faqat ularni emas, butun maktab jamoasini sun’iy intellektdan foydalanishga o‘rgatib, o‘qituvchilarning yuklamasini kamaytirish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi. Shunda o‘qituvchida o‘z ustida ishlashga ko‘proq vaqt qoladi, deya ta’kidlangan yig‘ilishda. Taqdimotda bu boradagi yangi yondashuvlar ko‘rib chiqilgan.
Jumladan, maktab ta’limi uchun sun’iy intellektga asoslangan platformani joriy qilish taklif qilingan. Bunda o‘qituvchining virtual yordamchisi ishlab chiqiladi va platformaga integratsiya qilinadi. Ushbu yechim o‘qituvchilarga mavzuga doir ma’ruza matnlari, taqdimotlar, testlar, dars rejalarini tuzish, imtihon jarayonlarini nazorat qilishda ko‘maklashadi.
Yig‘ilishda hokimlarning raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt bo‘yicha maslahatchilarining malakasini oshirish dasturi haqida axborot berilgan.
Transport sohasida ham sun’iy intellekt loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Jumladan, sun’iy intellekt yordamida yo‘llardagi qoidabuzarliklarni avtomatik aniqlash, vagonlar texnik holatini monitoring qilish orqali temiryo‘lda avariyalar xavfini kamaytirish bo‘yicha takliflar taqdimot qilingan.
Bundan tashqari, kosmik texnologiyalar bo‘yicha yangi tashabbuslar ishlab chiqilgan. “Samarqand-2028” sun’iy yo‘ldoshini ishlab chiqish ishlarining borishi ko‘rib chiqilgan. Yerni masofaviy zondlashga mo‘ljallangan mazkur yo‘ldosh uchun sun’iy intellekt moduli ishlab chiqiladi. Yo‘ldosh olgan suratlarni havo sifatini birlamchi baholash, qishloq xo‘jaligi ekinlari va o‘rmonlarni monitoring qilishda qo‘llash mumkin bo‘ladi.
Taqdimot yakunida davlat rahbari ko‘rib chiqilgan loyihalar ijrosini jadallashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalaridan iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada foydalanishni kengaytirish yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar bergan.





