Yangi qoidalar fonida qozog‘istonliklar pensiya jamg‘armalarini shoshilinch sarflamoqda

Bugun 19:261 daqiqa

Qozog‘istonda aprel oyida aholi pensiya jamg‘armalaridan 66,8 mlrd tenge yechib oldi – bu mart oyiga nisbatan 33 foizga ko‘p.

Yangi qoidalar fonida qozog‘istonliklar pensiya jamg‘armalarini shoshilinch sarflamoqda

Qozog‘istonda yangi cheklovlar fonida pensiya mablag‘larini uy-joy sharoitini yaxshilashga yo‘naltirish keskin oshgan. Bu haqda «First Credit Bureau» ekspertlariga tayanib, «Orda.kz» xabar berdi.

Qayd etilishicha, aprel oyida qozog‘istonliklar pensiya fondidan 66,8 mlrd tenge yechib olgan. Bu mart oyiga nisbatan 33 foizga ko‘p. Bajarilgan arizalar soni ham 15 foizga oshib, 58,4 mingtaga yetgan.

Eng katta talab uy-joy jamg‘armasi tizimidagi omonatlarni to‘ldirish va ko‘chmas mulk sotib olishdagi yakuniy hisob-kitoblarga to‘g‘ri kelgan. Biroq «Otbasy Bank» va boshqa banklar orqali ipotekani qisman yopish hajmi aksincha 10–15 foizga kamaygan.

Yangi cheklovlar

Ekspertlar buni yangi cheklovlar bilan bog‘lamoqda. Yanvardan boshlab «Otbasy Bank» orqali pensiya mablag‘larini faqat asosiy qarzni to‘lash uchun ishlatishga ruxsat berildi – foizlar va jarimalarni qoplash mumkin emas. Aprel o‘rtasidan shu qoidalar boshqa banklarda ham kuchga kirdi.

Mutaxassislar fikricha, qozog‘istonliklar yangi qattiqlashtirishlar haqidagi muhokamalar sabab ham jamg‘armalardan tezroq foydalanishga shoshilmoqda. Hukumat minimal yetarlilik chegaralarini yana oshirishi mumkin.

Qozog‘iston mehnat va ijtimoiy himoya vazirligi esa bu tashabbusni qarilikda moliyaviy barqarorlikni ta’minlash zarurati bilan izohlagan.

Teglar

Mavzuga oid