Yanvarda avtomobil bozori 7,2 foizga o‘sdi
O‘zbekistonda elektromobillar savdosi rekord sur’atlarda oshib, bozor drayveriga aylandi.

O‘zbekistonda joriy yil yanvar oyida birlamchi avtomobil bozori o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7,2 foizga o‘sib, 28,6 ming dona yangi yengil avtomobil sotildi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lum qildi.
Bozordagi o‘sish asosan mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillar hisobiga ta’minlandi. Ushbu segmentda sotuvlar 11 foizdan ortiq oshdi va 24 ming dondan ziyodni tashkil etdi.
Aksincha, xorijiy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar realizatsiyasi 10 foizga qisqarib, qariyb 4,4 ming dona darajasida qoldi.
Hududiy tahlilga ko‘ra, eng yuqori savdo faolligi Buxoro, Qashqadaryo, Farg‘ona va Surxondaryo viloyatlarida kuzatildi. Shu bilan birga, Samarqand va Xorazm viloyatlarida, shuningdek Toshkent shahrida yangi yengil avtomobillar sotuvi o‘tgan yilga nisbatan pasaydi.
Elektromobillar bozorning asosiy drayveriga aylandi
Yanvar oyida elektromobillar bozorida sotuvlar 9 foizga oshib, 6,1 ming donani tashkil etdi. Poytaxtda 3,7 mingta elektromobil sotilib, jami hajmning 62 foizdan ortig‘ini ta’minladi.
Hududlar kesimida elektromobillar savdosida eng yuqori o‘sish sur’atlari Samarqandda 3,5 barobar, Namanganda 2,4 barobar, Surxondaryoda 5 barobar va Xorazmda 3 barobarni tashkil etdi.
Shuningdek, elektromobillarning birlamchi bozori 45,3 foizga o‘sib, 4,7 ming donalik rekord ko‘rsatkichni qayd etdi.





