Logo

Yaponiya O‘zbekistonga energiya tejamkorligi uchun 230 million dollarga yaqin kredit ajratadi

Bugun 10:002 daqiqa

Yaponiya O‘zbekistonning maktablar, tibbiyot muassasalari va sanoat korxonalarida energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun qariyb 230 million dollarlik imtiyozli kredit ajratmoqda.

Yaponiya O‘zbekistonga energiya tejamkorligi uchun 230 million dollarga yaqin kredit ajratadi

Toshkent shahrida 10-iyun kuni O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan ikki yirik loyiha bo‘yicha almashinuv notalari imzolandi. Hujjatlarga Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchisi Xirata Kenzi hamda Bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov imzo chekdi.

Birinchi loyihaga ajratilgan pul miqdori

Kelishuvga ko‘ra, birinchi loyiha — «Davlat binolarining energiya samaradorligini oshirish» uchun 21,79 milliard iyena yoki taxminan 136 million dollar ajratiladi. Ushbu mablag‘lar maktablar va sog‘liqni saqlash muassasalarida energiya tejovchi uskunalar hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga sarflanadi.

Ikkinchi loyiha

Ikkinchi loyiha — «Sanoat sohasida energiya samaradorligini oshirish» uchun 14,97 milliard iyena yoki 93,4 million dollarlik kreditni nazarda tutadi. Mazkur dastur doirasida korxonalar va tadbirkorlarga energiya tejovchi texnologiyalarga investitsiya kiritish uchun uzoq muddatli va past foizli kreditlar taqdim etiladi.
Ikkala kredit ham 25 yil muddatga, shu jumladan 7 yillik imtiyozli davr bilan beriladi. Asosiy mablag‘ uchun foiz stavkasi 2,4 foizni, konsalting xizmatlari uchun esa 0,8 foizni tashkil qiladi.

Yaponiya elchixonasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston energetika tizimi asosan tabiiy gaz kabi qazilma yoqilg‘ilarga tayanadi. Shuning uchun energiya sarfini qisqartirish va issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish mamlakat uchun dolzarb vazifa hisoblanadi.

Tomonlar uchrashuvda energiya samaradorligidan tashqari qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, ta’lim va inson kapitalini rivojlantirish sohalaridagi hamkorlik istiqbollarini ham muhokama qildi. Loyihalar «Markaziy Osiyo + Yaponiya» muloqoti doirasida belgilangan «Yashil rivojlanish va barqarorlik» yo‘nalishining amaliy ifodasi sifatida baholanmoqda.

Teglar

Mavzuga oid