add

Yaponiya yadroviy siyosatini o‘zgartirishi mumkin

Bugun 10:251772

Yaponiya Bosh vaziri davlat siyosatining yadroviy quroldan voz kechish bo‘yicha uch tamoyilini qayta ko‘rib chiqish tashabbusini ilgari surdi. Mamlakat o‘zini uchta yadroviy davlat (Xitoy, Rossiya, Shimoliy Koreya) qurshovida qolgan deb hisoblayapti.

Yaponiya yadroviy siyosatini o‘zgartirishi mumkin

Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaiti 1967 yilda qabul qilingan davlat siyosatining yadroviy bo‘lmagan uchta tamoyilini qayta ko‘rib chiqishni taklif etdi. Bu haqda Mainichi gazetasi xabar berdi. Tamoyillar Yaponiyaga yadro qurolini egallash, ishlab chiqarish va o‘z hududida joylashtirishni taqiqlaydi.

Takaitining fikricha, yadro qurolini olib kirishni taqiqlash AQSHning tiyib turuvchi salohiyatini zaiflashtirib qo‘ymoqda. Hozirda Vashington Yaponiyadagi Amerika harbiy bazalariga yoki Yaponiya portlariga kiradigan kemalarga yadroviy qurol-aslahalarni joylashtira olmayapti.

Ushbu mavzu Takaiti rahbarligidagi hukmron Liberal-demokratik partiya ichida va koalitsiya hamkorlari bilan muhokama qilinadi. Maslahatlashuvlar keyingi haftadan boshlanadi. Agar tomonlar yagona nuqtai nazarga kelishsa, bu hukumatga rasmiy tavsiya sifatida rasmiylashtiriladi. Yakuniy qarorni bosh vazir qabul qiladi.

11-noyabr kuni Takaiti parlamentda so‘zga chiqdi. U «Yaponiya yadroviy bo‘lmagan uchta tamoyilga sodiqligini saqlab qoladim?», degan savolga to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob berishdan o‘zini olib qochdi. Uning aytishicha, «hozir bunday va’dalar beradigan payt emas» va «Xitoyning Tayvanga hujumi» Yaponiyaning omon qolishiga tahdid soladigan vaziyatga aylanishi mumkin. Bunday holatda Tokio jamoaviy mudofaa huquqidan foydalanishi mumkin bo‘ladi. Bu so‘zlar Pekinning keskin e’tiroziga sabab bo‘ldi.

Ilgari Takaiti Yaponiya xavfsizligi AQSHga bog‘liq bo‘lsa, hukumat yadro siyosati bo‘yicha mavjud cheklovlarni «atroflicha muhokama qilishi» kerakligini aytgan edi.

Kreml 21-oktabrda yangi bosh vazir saylanganidan so‘ng Tokioning pozitsiyasidan xavotirga tushganini bildirdi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Moskva Takaitining bayonotlarini diqqat bilan kuzatib borayotganini ta’kidladi.

Yaponiya milliy xavfsizlik strategiyasining so‘nggi yangilanishi 2022 yil 16-dekabrda amalga oshirildi. Hujjat mamlakatning potensial dushman hududidagi nishonlarga qarshi zarba berish huquqini mustahkamladi. Yaponiya «Tip-12» raketalarining uzoqligini oshirish, o‘zining gipertovushli qurollarini ishlab chiqish va AQSHning Tomahawk qanotli raketalarini xarid qilishni rejalashtirmoqda.

Strategiyada mudofaa xarajatlarini 2027 yilgacha yalpi ichki mahsulotning 2 foiziga yetkazish ko‘zda tutilgan. Takaitining ta’kidlashicha, bu maqsad muddatidan oldin amalga oshiriladi.

Avgust oyida parlament deputati va hukmron partiyaning milliy xavfsizlik kengashi a’zosi Rui Matsukava Yaponiya yadro quroli yaratish masalasini ko‘rib chiqishi mumkinligini aytdi. Uning ta’kidlashicha, mamlakat urushdan keyingi tarixda birinchi marta uchta yadroviy davlat — Rossiya, Xitoy va Shimoliy Koreya qurshovida qoldi.

Shuningdek, u AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining ittifoqchilardan ko‘proq mustaqillikni talab qiluvchi siyosati o‘z mudofaasini kuchaytirish zarurligi haqidagi munozaralarni kuchaytirib yuborganini qayd etdi.

Teglar

Mavzuga oid

Yaponiya yadroviy siyosatini o‘zgartirishi mumkin | Vaqt.uz