Yaqin Sharqdan chiqib ketish boylarga qanchaga tushayotgani ma’lum bo‘ldi

04.03.2026 | 09:332 daqiqa

Eron hujumlaridan keyin Yaqin Sharqdagi boy qatlam xavfsizlik uchun xususiy samolyotlar orqali mintaqani tark etmoqda.

Yaqin Sharqdan chiqib ketish boylarga qanchaga tushayotgani ma’lum bo‘ldi

Yaqin Sharqdagi harbiy keskinlik sabab mintaqada bo‘lgan boy shaxslar xavfsiz hududlarga chiqib ketish uchun yuz minglab dollar sarflashga majbur bo‘lmoqda. Xususiy samolyot orqali Yevropaga uchish narxi 350 ming dollargacha yetgan.

Fevral oyi oxirida AQSH va Isroil tomonidan Eronga qarshi boshlangan harbiy operatsiya mintaqadagi vaziyatni keskinlashtirdi. Shu paytgacha xavfsiz deb hisoblangan Abu-Dabi, Dubay, Doha va Manama kabi boylar to‘plangan shaharlarda ham xavotir kuchaydi. Sababi Tehron javob sifatida AQSHning mintaqadagi harbiy bazalariga zarbalar berishni boshladi.

Natijada mintaqada bo‘lib turgan boy biznesmenlar va xalqaro kompaniyalar rahbarlari Fors ko‘rfazini tark etish uchun shoshilmoqda. Hozirda Saudiya Arabistoni, ayniqsa Ar-Riyod shahri Yaqin Sharqdan chiqib ketishning asosiy yo‘nalishiga aylangan. Chunki mintaqada to‘liq quvvat bilan ishlayotgan kam sonli aeroportlardan biri aynan shu yerda joylashgan.

Evakuatsiya jarayoni

Evakuatsiya jarayoni juda qimmatga tushmoqda. Xususiy xavfsizlik kompaniyalari Dubaydan Ar-Riyodgacha taxminan 10 soatlik safar uchun yo‘ltanlamas avtomobillaridan iborat kolonnalar tashkil etmoqda. U yerdan esa mijozlar Yevropa yoki boshqa xavfsiz davlatlarga xususiy samolyotlar orqali uchirilmoqda.

«Semafor» nashri ma’lumotiga ko‘ra, evakuatsiya qilinayotganlar orasida yirik global moliyaviy kompaniyalar top-menejerlari, mintaqada dam olayotgan milliarderlar hamda xizmat safari bilan kelgan juda boy shaxslar bor.

Ar-Riyoddan Yevropaga favqulodda chiqib ketish narxi

Favqulodda chiqib ketishga bo‘lgan talab keskin oshgani xususiy samolyotlar va transport xizmatlari narxining ham ko‘tarilishiga olib keldi. Ayni paytda Ar-Riyoddan Yevropa shaharlariga xususiy reyslar narxi 350 ming dollargacha yetayotgani aytilmoqda.

Ummon sultonligi hududida port va neft tankerlariga qilingan hujumlardan keyin bu mamlakat orqali chiqish yo‘llari yopildi. Shu sabab Saudiya Arabistoni hozircha mintaqadan chiqishning eng xavfsiz yo‘nalishiga aylandi.

Ar-Riyoddan 35 kilometr uzoqlikda joylashgan Qirol Xolid xalqaro aeroporti hozir asosiy yuklamani o‘z zimmasiga olgan. Beshta yo‘lovchi terminaliga ega mazkur aeroport Yevropa, Amerika, Osiyo va Afrika yo‘nalishlarida parvozlarni davom ettirmoqda.

Teglar

Mavzuga oid