Yevropa Ittifoqi «Temu» platformasini jarimaga tortdi
Platforma xavfli mahsulotlar savdosini yetarlicha nazorat qilmagani uchun 200 mln yevro miqdorida jarimaga tortildi.
© yahoo.comYevropa Ittifoqi Xitoyning onlayn-marketpleysi«Temu»ni 200 million yevro miqdorida jarima soldi. Yevropa komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, platforma orqali xavfli bolalar o‘yinchoqlari, xavfsizlik talablariga javob bermaydigan zaryadlovchi qurilmalar va boshqa noqonuniy mahsulotlar sotilgan.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, kompaniya sotuvga qo‘yilgan tovarlar bilan bog‘liq xavflarni aniqlash va baholash bo‘yicha samarali tizim yarata olmagan. Shuningdek, iste’molchilar xavfsizligiga tahdid soluvchi mahsulotlarning tarqalishiga qarshi yetarli choralar ko‘rilmagani qayd etilgan.
Tergov ikki yilga yaqin davom etdi
«Temu» faoliyati bo‘yicha rasmiy tekshiruv 2024 yil oktabrida boshlangan. Oradan bir necha oy o‘tib, Yevropa Ittifoqi regulyatorlari kompaniya iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va tovarlar xavfsizligi sohasidagi muhim talablarni buzgan bo‘lishi mumkinligi haqida dastlabki xulosalarni e’lon qilgan.
Tergov jarayonida mustaqil ekspertlar platforma orqali nazorat xaridlarini amalga oshirgan. Tahlillar natijasida sotib olingan ko‘plab zaryadlovchi qurilmalar elektr xavfsizligi bo‘yicha bazaviy sinovlardan o‘ta olmagani ma’lum bo‘lgan. Bundan tashqari, ayrim bolalar o‘yinchoqlari tarkibida ruxsat etilgan me’yordan yuqori darajada xavfli kimyoviy moddalar aniqlangan.
Shuningdek, «Temu» jarimadan tashqari 28-avgustga qadar aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha batafsil rejani Yevropa komissiyasiga taqdim etishi shart. Shundan so‘ng Yevropa regulyatori ikki oy davomida taklif qilingan choralarning samaradorligi va amaldagi qonunchilik talablariga muvofiqligini baholaydi.
Biroq «Temu» bu qarorga qarshi chiqmoqda. Kompaniya vakillari jarima miqdorini nomutanosib deb baholab, o‘z pozitsiyalarini himoya qilish uchun huquqiy choralar ko‘rishini ma’lum qilgan.





