add

Yevropada gaz bir haftada 30 foizga qimmatladi: qahraton qish bozorga bosim o‘tkazmoqda

Bugun 13:452 daqiqa

Kuchli sovuqlar va gaz omborlarining tezda bo‘shayotgani Yevropa energiya bozorida keskin narx o‘sishiga sabab bo‘lmoqda.

Yevropada gaz bir haftada 30 foizga qimmatladi: qahraton qish bozorga bosim o‘tkazmoqda© Foto: informaconnect.com

«The Wall Street Journal» nashrining xabar berishicha, 16-yanvar kuni Yevropa energiya birjalarda tabiiy gaz narxlari keskin oshdi. Bozorga yangi kuchli sovuq to‘lqini yaqinlashayotgani haqidagi prognozlar va yer osti gaz omborlarida zaxiralar xavfli darajada qisqarib borayotgani savdolarda jiddiy bosim yaratdi.

Juma kuni Niderlandiyadagi TTF xabida gaz fyucherslari narxi bir kun ichida 10,5 foizga ko‘tarilib, 1 MWh uchun 36,66 yevroga yetdi. Natijada bir hafta ichida «zangori yoqilg‘i» qiymati qariyb 30 foizga oshdi. Bu ko‘rsatkichlar bozordagi beqarorlik yanada kuchayganini ko‘rsatmoqda.

Tahlilchilarga ko‘ra, narx o‘sishiga faqat ob-havo emas, balki moliyaviy omillar ham ta’sir qilgan. «Capital Economics» ekspertlari spekulyantlar tomonidan ochiq pozitsiyalarni yopish jarayoni bozor tebranishlarini yanada kuchaytirganini ta’kidlaydi. Bu esa qisqa vaqt ichida narx harakatlarini keskinlashtirgan.

Yevropa Ittifoqida gaz zaxiralari bilan bog‘liq vaziyat ham tashvishli. Hozirda omborlar to‘ldirilish darajasi 52 foizdan pastga tushib ketgan. Holbuki, oxirgi besh yilda shu davr uchun o‘rtacha ko‘rsatkich 67 foiz atrofida bo‘lar edi. Kuchli sovuqlar tufayli gazni omborlardan olish sur’ati jadallashib, isitish mavsumi oxirigacha yetishmovchilik xavfini kuchaytirmoqda.

Shu bilan birga, Yevropa suyultirilgan tabiiy gaz (STG) uchun global raqobatga duch kelmoqda. Yaqin kunlarda Osiyoda ham kuchli sovuqlar kutilmoqda va bu mintaqa xaridorlarining spot bozorda faollashishiga olib kelmoqda. Natijada Yevropa kompaniyalari STG yuklarini jalb qilish uchun yuqoriroq narx taklif qilishga majbur bo‘lmoqda.

Teglar

Mavzuga oid