
Yil davomida banklar aholidan 19,4 mlrd dollar valuta sotib olgan
2025 yilning yanvar-noyabr oylarida ichki valuta bozorida xorijiy valyutaga bo‘lgan umumiy taklif hajmi o‘sish sur’ati, talab hajmi o‘sish sur’atidan biroz yuqori bo‘ldi. Taklifning tezroq o‘sishi esa so‘m qadrining mustahkamlanishiga turtki bo‘lgan.

2025 yilning yanvar–noyabr oylarida O‘zbekiston ichki valuta bozorida xorijiy valuta taklifining o‘sish sur’ati talab o‘sishidan yuqoriroq bo‘ldi. Mazkur nisbat milliy valuta barqarorligi va so‘m qadrining mustahkamlanishida hal qiluvchi omil sifatida baholanmoqda.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 11 oyi davomida chet el valyutasiga bo‘lgan umumiy talab o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 24 foizga oshgan. Shu davrda valuta taklifi 26 foizga o‘sdi. Ayniqsa, yuridik shaxslar segmentida valuta taklifining 35 foizga ko‘payishi bozordagi taklif bosimini kuchaytirdi, talab esa 24 foizga oshdi.
Eksport tushumlari ham valuta bozoridagi taklifni qo‘llab-quvvatlagan muhim manba bo‘ldi. Oltinsiz eksport hajmi 16 milliard dollarga yetdi. Ushbu mablag‘ning 8,9 milliard dollari ichki valuta bozorida sotilib, qo‘shimcha valuta oqimini ta’minladi. Bu ko‘rsatkichlar 2024 yilga nisbatan sezilarli o‘sishni namoyon etdi.
Aholi ishtirokidagi operatsiyalar ham yuqori faollikni ko‘rsatdi. Jismoniy shaxslar tomonidan banklarga sotilgan valuta hajmi 19,4 milliard dollarga yetdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 4,8 milliard dollarga ko‘p. Shu bilan birga, banklar aholiga 10,6 milliard dollar valuta sotdi, mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 25 foizga oshdi.
Xalqaro pul o‘tkazmalari ham bozordagi taklifni rag‘batlantirgan asosiy omillardan biri bo‘ldi. Yanvar–noyabr oylarida mamlakatga 17,3 milliard dollar miqdorida pul o‘tkazmalari kelib tushib, o‘tgan yilga nisbatan 25 foizga ko‘paydi.
Natijada, 2025 yil boshiga nisbatan so‘m almashuv kursi 7,5 foizga mustahkamlandi. Eksport tushumlari, pul o‘tkazmalari, xorijiy kreditlar, import to‘lovlarining nisbatan barqarorlashuvi hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar milliy valuta barqarorligini ta’minlagan asosiy omillar sifatida qayd etildi.





