Yonilg‘i quyish shoxobchalarida naqdsiz tushumlar hajmi ma’lum qilindi
3–8-aprel kunlari O‘zbekistonda AYQSH tushumlari sezilarli darajada oshdi, to‘lovlarning asosiy qismi bank kartalari orqali amalga oshirilmoqda.
© iStock3–8-aprel kunlari davomida O‘zbekistondagi avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida (AYQSH) amalga oshirilgan tushumlar barqaror yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.
3-aprel kuni tushumlar 92,0 mlrd so‘mni tashkil etgan. Keyingi uch kun — 4, 5 va 6-aprel kunlarida umumiy tushum 395,5 mlrd so‘mga yetgan. Bu davrda talab yuqori bo‘lgani va transport harakatining faolligi tushumlarga sezilarli ta’sir ko‘rsatgani qayd etilmoqda.

7-aprel kunida tushumlar 116,1 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 8-aprel kuni bu ko‘rsatkich 117,1 mlrd so‘mga yetgan. Umuman olganda, bir haftalik dinamikada tushumlar barqaror o‘sish tendensiyasini saqlab qolgan.
Bank kartalari orqali naqdsiz to‘lovlar ustun
Tahlillarga ko‘ra, ushbu davrda amalga oshirilgan to‘lovlarning 92–95 foizi bank kartalari orqali bajarilgan. Bu esa aholi va tadbirkorlar o‘rtasida naqdsiz hisob-kitoblar keng tarqalayotganini ko‘rsatadi.

Bugungi kunda mamlakatda 70 milliondan ortiq bank kartalari muomalada bo‘lib, shundan 170 mingga yaqini moment kartalarni tashkil etadi. Shuningdek, 60 mingdan ortiq yonilg‘i kartalari faollashtirilgan.
Shu bilan birga, 46 mingdan ziyod bankomat, ADM va infokiosklar xizmat ko‘rsatmoqda. Ulardan 7 mingdan ortig‘i naqd pul qabul qiluvchi qurilmalar va ADMlar xizmat ko‘rsatmoqda.





