«Yoshlik-1» va «Qalmoqqir» kon zaxiralari ma’lum qilindi

Bugun 13:352 daqiqa

«Yoshlik-1» va «Qalmoqqir» konlaridagi zaxiralar sanoatni kamida 100 yil davomida xomashyo bilan ta’minlash imkonini beradi.

«Yoshlik-1» va «Qalmoqqir» kon zaxiralari ma’lum qilindi

O‘zbekistonda mis sanoatini chuqur qayta ishlash quvvatlari keskin kengaymoqda. Bu yilning o‘zida ishga tushadigan loyihalar hisobidan misni chuqur qayta ishlash quvvati 240 ming tonnaga yetadi. Yaqin ikki-uch yil ichida amalga oshiriladigan yangi investitsiya loyihalari esa bu ko‘rsatkichni yanada oshirishga xizmat qiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev Olmaliq kon-metallurgiya kombinati 3-mis boyitish fabrikasini ishga tushirish marosimida ma’lum qildi.

Dunyoda misga bo‘lgan talab ham izchil ortib borayotgani ta’kidlandi. Chunki bu metall bugungi kunda sanoat, energetika, elektrotexnika, raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt va «yashil» taraqqiyot uchun strategik xomashyoga aylangan. Shu bois mis sanoatida yuqori qiymat zanjirini yarata olgan davlatlar kelajak sanoatini barpo etayotgani alohida qayd etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev geologiya-qidiruv ishlariga islohotlarning ilk kunlaridan katta e’tibor qaratilganini ta’kidladi. Mavjud zaxiralar va ularni sanoatga jalb etish imkoniyatlari aniq belgilab olingan. Shuning yorqin misollaridan biri — «Yoshlik-1» koni hisoblanadi. Ilgari ushbu konni o‘zlashtirish qiyin deb baholangan bo‘lsa, bu yilning o‘zidayoq undan 20 million tonna ruda qazib olish rejalashtirilgan. Keyingi ikki yilda bu ko‘rsatkich 60 million tonnagacha oshadi.

«Yoshlik-1» va «Qalmoqqir» konlari

«Yoshlik-1» va «Qalmoqqir» konlarida 45 million tonna mis va 5 ming tonnadan ortiq oltin zaxirasi borligi ta’kidlandi. Bu zaxiralar sanoatni kamida 100 yil davomida xomashyo bilan ta’minlash imkonini beradi. Shu bilan birga, konlardagi molibden, selen, tellur va reniy kabi nodir metallar yangi innovatsion loyihalar uchun mustahkam asos yaratadi.

3-mis boyitish fabrikasi

3-mis boyitish fabrikasi to‘liq ishga tushgach, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida mis konsentrati ishlab chiqarish hajmi kuniga 2400 tonnaning o‘rniga 5000 tonnaga yetadi. Loyiha doirasida 6 mingdan ortiq yoshlar yuqori daromadli ish o‘rinlari bilan ta’minlanadi. Fabrikada AQSH, Germaniya, Rossiya, Xitoy va Finlyandiyaning eng ilg‘or texnologiyalari joriy etilmoqda.

Barcha texnologik jarayonlar raqamlashtirilib, sun’iy intellekt asosida yagona boshqaruv tizimiga ulanadi. Bu orqali energiya sarfi 10 foizga, mahsulot tannarxi 15 foizga kamayishi, mehnat unumdorligi esa 10 foizga oshishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, qiymati 2,5 milliard dollarlik yangi mis eritish zavodini qurish ishlari boshlangan. Ushbu korxona ham mingdan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratadi. Ikkita yirik loyiha natijasida mis katodi ishlab chiqarish yillik 300 ming tonnaga, oltin 33 tonnaga, kumush 203 tonnaga va molibden 1,7 ming tonnagacha yetadi.

Bundan tashqari, uran qazib olish va kimyo sanoati uchun muhim xomashyo hisoblangan sulfat kislotasi ishlab chiqarish hajmi ham uch barobar oshadi. Bu esa kombinatga yiliga qo‘shimcha 5 milliard dollar tushum keltirishi kutilmoqda. Kelgusida esa 4-mis boyitish fabrikasi qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, barcha loyihalar amalga oshirilsa, Olmaliq kombinati mis ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi eng yirik uchta kompleksdan biriga aylanadi.

Teglar

Mavzuga oid