Yunusobodda yangi yo‘l o‘tkazgich qurilishi rejalashtirilmoqda
Toshkentda jamoat transportini rivojlantirish va tirbandlikni kamaytirish maqsadida uchta yangi BRT yo‘nalishi hamda Yunusobod universami yaqinidagi aylanma yo‘l o‘rnida tunnel qurish rejasi ma’lum qilindi.
© vaqt.uz«Tashkent Invest» kompaniyasi ajratilgan avtobus yo‘laklari — BRT tizimini yaratish bo‘yicha xalqaro muhandislik maslahatchisi xizmatlari uchun tanlov e’lon qildi.
Loyiha doirasida Shahrisabz, Amir Temur va Yangi Sergeli ko‘chalarida yangi BRT liniyalari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, transport oqimini yengillashtirish maqsadida Amir Temur, Yangishahar va Rixsiliy ko‘chalari kesishmasida (aholi orasida Yunusobod universami «grugi» sifatida tanilgan hudud) tunnel qurish rejalashtirilmoqda.

Tanlov g‘olibi bo‘lgan muhandislik maslahatchisi 240 kun davomida texnik nazorat, qurilish jarayoni monitoringi hamda loyihani muvofiqlashtirish xizmatlarini ko‘rsatishi kerak bo‘ladi.
Loyihaning birinchi bosqichi uchun ajratilgan mablag‘ 6,28 mlrd so‘mni tashkil etadi. To‘lovlar har oy teng ulushlarda amalga oshiriladi. Shundan 15 foizi avans sifatida, qolgan qismi esa keyingi oy oxirigacha to‘lab beriladi.
Tanlovda mahalliy va xorijiy konsalting kompaniyalari, muhandislik tashkilotlari hamda xususiy konsultantlar ishtirok etishi mumkin. Shuningdek, konsorsium shaklida qatnashishga ham ruxsat berilgan.
Ishtirokchilar texnik va moliyaviy takliflar bilan birga 62,85 mln so‘mlik garov yoki bank kafolatini ham taqdim etishi lozim.
Arizalar 2-iyunga qadar qabul qilinadi, natijalar esa besh ish kuni ichida e’lon qilinishi aytilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahar hokimligi poytaxtda jamoat transporti harakatini tezlashtirish maqsadida avtobuslar uchun alohida ajratilgan yo‘laklar — BRT (Bus Rapid Transit) tizimini joriy etish bo‘yicha yangilangan rejani taqdim etgandi. Loyihaga ko‘ra, ushbu tizim shaharning 10 ta yirik ko‘chasini qamrab oladi va maxsus yo‘laklarning umumiy uzunligi qariyb 51 kilometrni tashkil etadi.
Yangilangan rejada BRT tizimi quyidagi ko‘chalarda: Shota Rustaveli (5,1 km), Shahrisabz (3,2 km), Amir Temur (5,7 km), Yangi Sergeli (5,3 km), Maxtumquli (1,3 km), Mirzo Ulug‘bek – Feruza – Yuzrabot (10,4 km), Lutfiy va Muqimiy (5,9 km), Nurafshon (3,7 km), Qoratosh – Ko‘kcha darvoza (4 km) hamda Alisher Navoiy – Beruniy (6 km) amalga oshirilishi belgilandi.
Loyihani amalga oshirish uchun jami 126 million dollar sarflanishi rejalashtirilgan. Hokimlik bayonotida aytilishicha, tizim joriy etilgandan so‘ng shahar markazidagi yo‘llarda tirbandlik sezilarli darajada kamayadi, jamoat transporti tezligi oshadi va atmosfera ifloslanishi qisqaradi.





