
Zelenskiy Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha pozitsiyani aniq bildirdi
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy NATOga a’zolik o‘rniga AQSH va ittifoqchilardan NATO nizomining 5-bandiga o‘xshash xavfsizlik kafolatlari olish Kiyev uchun og‘riqli, ammo majburiy murosa ekanini aytdi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy jurnalistlar bilan muloqotda mamlakat qanday xavfsizlik kafolatlarini kutmoqdaganini aniq bayon qildi. Uning ta’kidlashicha, Kiyev uchun eng asosiy maqsad — kelgusida Rossiya tomonidan yana bir bor harbiy tajovuzga yo‘l qo‘ymaslik.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina avvalboshdan xavfsizlikning eng kuchli shakli sifatida NATOga a’zo bo‘lishni istagan. Biroq AQSH va Yevropa Ittifoqidagi ayrim hamkor davlatlar bu yo‘nalishni qo‘llab-quvvatlamagan. Shu sababli Kiyev boshqa variantlarni ko‘rib chiqishga majbur bo‘lgan.
Zelenskiyning aytishicha, hozirda Ukraina uchun asosiy ssenariy — AQSH bilan ikki tomonlama xavfsizlik kafolatlari, xususan NATO nizomining 5-moddasiga o‘xshash majburiyatlardir. Shu bilan birga, Yevropa davlatlari, Kanada, Yaponiya va boshqa sheriklar tomonidan beriladigan xavfsizlik kafolatlari ham muhim ahamiyatga ega.
«Bu kafolatlar Rossiya tajovuzining yana takrorlanmasligi uchun kerak. Bu yechim — Ukraina tomonidan qilingan murosa», — dedi Zelenskiy.
Uning ta’kidlashicha, mazkur kafolatlar nafaqat siyosiy bayonot, balki aniq mexanizmlarga ega bo‘lishi lozim.
Bundan oldin Axios nashri AQSH Ukrainaga NATOning 5-moddasiga o‘xshash xavfsizlik kafolatlarini taklif qilayotganini xabar qilgan edi. Shu bilan birga, manbalarga ko‘ra, Vashington tinchlik kelishuviga erishish uchun Kiyevdan Donetsk va Lugansk oblastlaridagi ayrim hududlardan chiqishni ham muhokama qilmoqda.
Axios ma’lumotlariga binoan, AQSH Ukrainada tinchlik kelishuvi bo‘yicha referendum o‘tkazish imkoniyatini ham taklif qilgan. Ushbu kelishuv hududiy yon berishlarni o‘z ichiga olishi mumkin.
Amerikalik rasmiylardan biri Ukrainaga beriladigan xavfsizlik kafolatlari «bo‘sh va’dalar» emas, biroq cheklanmagan majburiyatlar ham bo‘lmasligini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH ushbu kafolatlarni Kongressga ovoz berish uchun kiritishga tayyor.
Muzokaralar jarayoni hali yakuniy bosqichga yetmagan. Ukraina tomoni esa xavfsizlik kafolatlari real va uzoq muddatli bo‘lishi kerakligini qat’iy turib talab qilmoqda.





