
Zelenskiyning do‘sti davlatga xiyonatda ayblanmoqda
Ukrainada biznesmen Timur Mindichga nisbatan davlatga xiyonat bo‘yicha jinoiy ish ochildi va tergov uning Rossiya manfaatlariga xizmat qilgan ehtimoliy harakatlarini tekshirmoqda.

Ukrainada biznesmen Timur Mindichga nisbatan davlatga xiyonat moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda Oliy Rada deputati Aleksiy Goncharenko Ukraina Xavfsizlik xizmati javobiga tayanib ma’lum qildi. Uning aytishicha, Mindich avvalroq «diversiya» moddasi doirasida ham tekshiruvdan o‘tgan.
Goncharenko ma’lum qilishicha, Mindich atrofidagi korrupsiya mojarosi va uning ehtimoliy sheriklari bilan bo‘lgan suhbat yozuvlari oshkor etilganidan so‘ng, u Xavfsizlik xizmatiga rasmiy so‘rov yuborgan. So‘rovda biznesmenning Rossiya maxsus xizmatlari bilan aloqalari bor-yo‘qligi aniqlash so‘ralgan.
Ukraina Xavfsizlik xizmati javobida «ko‘rsatilgan shaxs va u bilan bog‘liq shaxslar»ga nisbatan davlatga xiyonat alomatlari bo‘yicha sudgacha tergov boshlangani qayd etilgan. Tergov materiallarida Ukraina suvereniteti, hududiy yaxlitligi, mudofaa qobiliyati hamda davlat va iqtisodiy xavfsizligiga zarar yetkazish ehtimoli o‘rganilayotgani ta’kidlangan.
Shu bilan birga, Xavfsizlik xizmati (SBU) Mindichga nisbatan «diversiya» moddasi asosida to‘plangan materiallarni Ukraina milliy aksilkorrupsiya byurosiga yuborgan. Ushbu ish atom energetikasi ob’ektlariga past sifatli materiallar yetkazib berish ehtimoli bilan bog‘liq.
NABU rahbariyati ham bilvosita tarzda Mindichga nisbatan davlatga xiyonat bo‘yicha tekshiruv olib borilayotganini tasdiqladi. Detektivlar rahbari Aleksandr Abakumov uning harakatlarida agressor davlat bilan hamkorlik alomatlari bor-yo‘qligi o‘rganilayotganini bildirdi.
Timur Mindich — Ukrainada mashhur biznesmen va prodyuser, «Kvartal 95» studiyasining hammuassisi hamda Volodimir Zelenskiyga yaqin shaxs sifatida tanilgan. Tergov materiallariga ko‘ra, u «Energoatom» atrofidagi korrupsiya sxemasini boshqargan va o‘nlab million dollarlik talon-tarojda ayblanmoqda.





