
Ziroat Mirziyoyeva onkologiya sohasidagi eng nufuzli 100 nafar ayol ro‘yxatiga kiritildi
OncoDaily xalqaro platformasi saraton kasalligiga qarshi kurash bo‘yicha jahon kun tartibini belgilovchi yetakchilarni o‘z ichiga olgan «Onkologiya sohasidagi eng nufuzli 100 nafar ayol» reytingini e’lon qildi.

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi xonimi, «Zamin» xalqaro jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mahmudovna Mirziyoyeva onkologiya sohasidagi eng nufuzli 100 nafar ayol ro‘yxatiga kiritildi.
Ekspertlar Ziroat Mirziyoyevaning bolalarda onkologik kasalliklarni erta aniqlash va davolash tashabbuslarini ilgari surish, bolalar onkologiyasi sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, og‘ir kasalliklarga chalingan bolalarning yashovchanlik darajasini oshirish bo‘yicha global harakatni qo‘llab-quvvatlashdagi hissasini alohida ta’kidlagan.
«Ziroat Mirziyoyeva 2025 yil sentabr oyida BMT Bosh Assambleyasida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va St. Jude tadqiqot shifoxonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan «Saraton va boshqa hayot uchun xavfli kasalliklarga chalingan bolalarning yashovchanligini oshirish va azob-uqubatlarini kamaytirish bo‘yicha global harakat» nomli muhim forumga raislik qildi hamda jahon hamjamiyatini saraton kasalligiga chalingan bolalarning yashovchanlik darajasini oshirish uchun shoshilinch choralar ko‘rishga chaqirdi.
Uning faoliyatida butun dunyo bo‘ylab, ayniqsa yashovchanlik ko‘rsatkichlari sezilarli darajada past bo‘lgan mamlakatlarda bolalarga tibbiy yordamdan teng foydalanishni ta’minlash masalalari alohida o‘rin egallaydi. U milliy strategiyalarni 2030 yilga borib saraton kasalligiga chalingan bolalarning yashovchanlik darajasini 60 foizga yetkazishdek xalqaro maqsadlar bilan bog‘lash orqali O‘zbekistonning global sog‘liqni saqlash siyosatidagi o‘rnini mustahkamladi», — deyiladi reytingda.
Ziroat Mirziyoyevaning xalqaro reytingga kiritilishi uning yuqumli bo‘lmagan kasalliklarga qarshi kurashni milliy va global darajada kuchaytirishga qo‘shgan shaxsiy hissasining e’tirofi, shu bilan birga, Yangi O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligining tasdig‘idir.
Ro‘yxatda shuningdek, AQSH, Buyuk Britaniya, Albaniya, Kanada va boshqa davlatlardan kelgan yirik onkologlar, tibbiyot vazirlari va jamoat faollari o‘rin olgan. Ular orasida Pensilvaniya universiteti professori Linn Shuxter, Albaniya sog‘liqni saqlash vaziri Evis Sala, Cancer Research UK rahbari Mishel Mitchell, UCLA professori Felisiya Knaul kabi nufuzli mutaxassislar ham bor.





