
Zomindagi mexmonxona 175 mlrd so‘mga sotildi
Sotilgan mehmonxona hududida Wyndham mehmonxonalar tarmog‘ining Wyndham Gardens Zomin mehmonxonasi faoliyat olib boradi

24-dekabr kuni Jizzax viloyati Zomin tumanidagi «New Zomin Plaza» MCHJ mehmonxonasining auksioni bo‘lib o‘tdi. SQB Capital mehmonxonadagi 99,9 foiz ulushini sotuvga qo‘ygandi.

Kimoshdi savdosida 175 mlrd so‘m bilan «Zafaron Premium Hotel Zomin» MCHJ g‘olib deb topildi. Summa 1 oy ichida to‘lanishi kerak. G‘olib kompaniya rahbari sifatida Husanboy Narziqulov ko‘rsatilgan.
Auksionda sotilgan binoda gaz mavjud emasligi, biroq elektr energiya, kanalizatsiya tarmog‘i va suv borligi qayd etilgan. Uning umumiy yer maydoni 1,2 gektar.
«New Zomin Plaza» MCHJ binosida «Wyndham» mehmonxonalar tarmog‘ining «Wyndham Gardens Zomin» mehmonxonasi faoliyat olib boradi. Bu Zomindagi eng mashhur mehmonxonalardan biri.
SQB Capital «Sanoatqurilishbank»ning shu’ba korxonasi hisoblanadi. Kompaniya bugun, 25-dekabr kuni Shahrisabz tumanidagi «Miraki Town Plaza» MCHJ mehmonxonasi uchun boshlang‘ich 231,7 mlrd so‘m narx bilan kimoshdi savdosini o‘tkazdi. Biroq, xaridor topilmadi va obyekt sotilmadi.
30-dekabr kuni «Wyndham» mehmonxonalari tarmog‘iga qarashli «Tryp by Wyndham» faoliyat olib boruvchi yana bir mehmonxona auksioni bo‘lib o‘tadi. Boshlang‘ich narxi — 173,5 mlrd so‘m.

Avvalroq Zomindagi osma ko‘prik auksionda sotuvga chiqarilgani haqida xabar berilgandi. 23-dekabr kuni auksion bo‘lib o‘tdi va osma ko‘prik sotuvi amalga oshmadi.
Shuningdek, Toshkent markazidagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga tegishli bino 242 mlrd so‘mga auksionda sotilgandi.
Teglar






