
O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari 15,8 mlrd dollarga yetdi
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, xorijiy valyutalar taklifi jadal o‘sib, yanvar–oktabr oylarida mamlakatga rekord miqdorda pul o‘tkazmalari kirib keldi.

Markaziy bankning yangi hisobotiga ko‘ra, 2025 yilning yanvar–oktabr oylarida ichki valuta bozorida taklif sur’ati talabdan tezroq o‘sgan. Davr mobaynida xorijiy valyutaga talab 48,4 mlrd dollarni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 24 foizga oshgan.
Shu bilan birga, xorijiy valuta taklifi 41,2 mlrd dollarga yetdi. Bu ko‘rsatkich Markaziy bank operatsiyalarisiz hisoblanganda o‘tgan yilga nisbatan 26 foiz yuqori. Yuridik shaxslar tomonidan taklif qilingan valuta hajmi ham sezilarli o‘sish qayd etib, ularning talab sur’atidan ancha yuqori bo‘lgan.
Ishlab chiqaruvchilarning eksport tushumlari hisobiga shakllangan valuta taklifi 18 foizga ko‘payib, 14,5 mlrd dollarga yetgan. Shu summaning 8,1 mlrd dollari ichki bozorda sotilgan bo‘lib, o‘tgan yilga nisbatan 23 foiz ko‘pdir. Banklar esa xalqaro kreditlar hisobiga bozorda 7,3 mlrd dollar sotib, bu ko‘rsatkichni 62 foizga oshirgan.
Importni moliyalashtirishda ichki bozordan xarid qilingan valuta ulushi 64,8 foizni tashkil etgan. Asosiy xarid yo‘nalishlari orasida uskuna, xomashyo va ishlab chiqarish tovarlari 51 foizni, valyutadagi kreditlarni qoplash 27 foizni tashkil qilgan.
Jismoniy shaxslarning banklar bilan operatsiyalari ichki bozordagi valuta taklifini kuchaytirgan. Aholi banklarga 17,4 mlrd dollar sotgan — bu o‘tgan yilga nisbatan 1,3 barobar ko‘p. Xaridlar esa 9,6 mlrd dollarni tashkil etgan.
Natijada aholi tomonidan taklif qilingan valuta talabdan 7,8 mlrd dollarga ko‘p bo‘lgan. Bu o‘sishning asosiy manbai xalqaro pul o‘tkazmalari bo‘lib, mamlakatga ular orqali 15,8 mlrd dollar kirib kelgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 25 foizga, yoki 3,2 mlrd dollarga ko‘proqdir. Shunga qaramay, xorijga jo‘natilgan o‘tkazmalar miqdori 2,2 mlrd dollarni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan biroz kamaygan.
Davr mobaynida milliy valuta kursi 7 foizga mustahkamlangan. Markaziy bank bu tendensiyani eksport tushumlari, tashqi kreditlar, pul o‘tkazmalari va investitsiyalar o‘sishi, shuningdek, importning barqarorligi bilan izohladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank kelgusi yilda xorijdan O‘zbekistonga yo‘naltiriladigan pul o‘tkazmalari 10 foizgacha ortishi mumkinligini ma’lum qilgan edi. O‘sish mehnat muhojirlariga talab va valyutalar kursining barqarorligi bilan izohlanmoqda.





