add

Ukraina energetika obyektlariga zarbalar uchun Rossiyani insoniyatga qarshi jinoyatlarda aybladi

Bugun 08:182 daqiqa

Ukraina Xavfsizlik xizmati Rossiya qishning qoq o‘rtasida energetika infratuzilmasiga qaratilgan hujumlarni tinch aholiga qarshi qasddan olib borilgan siyosat deb baholab, ularni insoniyatga qarshi jinoyat sifatida tasnifladi.

Ukraina energetika obyektlariga zarbalar uchun Rossiyani insoniyatga qarshi jinoyatlarda aybladi

Ukraina Xavfsizlik xizmati Rossiya qish mavsumida energetika obyektlariga yo‘naltirilgan zarbalar bo‘yicha jinoiy ish doirasida dalillar bazasini shakllantirganini ma’lum qildi. Idoraning ma’lumotiga ko‘ra, bu hujumlar tasodifiy emas, balki aholini sovuq va zulmatda qoldirishga qaratilgan tizimli strategiya hisoblanadi.

SBU hisob-kitoblariga asosan, isitish mavsumi boshlanganidan beri energetika va issiqlik ta’minoti ob’ektlariga 256 ta havo zarbasi qayd etilgan. 2025 yil oktabridan buyon 11 ta GES, 45 ta yirik IES, 49 ta TES va 151 ta elektr nimstansiya turli hududlarda nishonga olingan. Hujumlarda «Iskander», «Kalibr», X-101, X-69 raketalari hamda «Geran» turidagi dronlar qo‘llangani qayd etilgan. SBU ushbu harakatlarni Ukraina Jinoyat kodeksining 442-1-moddasi — insoniyatga qarshi jinoyatlar doirasida baholamoqda.

Amerikaning «The New York Times» nashriga ko‘ra, joriy qishdagi zarbalar butun urush davomidagi eng vayronkor hujumlardan biriga aylangan. Nashr Kreml strategiyasini o‘zgartirib, Kiyev, Odessa va Dnipro kabi yirik shaharlarning energiya ta’minotini izolyatsiya qilish orqali aholining ruhiy bardoshini sindirishga urinayotganini ta’kidlaydi. Shu bilan birga, so‘rovda qatnashgan kiyevliklarning aksariyati qarshilikni davom ettirish zarur, deb hisoblaydi.

Ukraina Energetika vazirligi esa 15-yanvarga o‘tar kechasi Jitomir va Xarkov oblastlarida yangi o‘chishlar qayd etilganini bildirdi. Poltava va Sumida favqulodda uzilishlar joriy etilgan, Kiyev va uning atrofida esa rejasiz cheklovlar saqlanib qolmoqda. DTEK energetika kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, poytaxtda yorug‘lik ta’minoti uzoq vaqt tiklanmasligi mumkin.

Yanvar oyidagi hujumlar natijasida Kiyevdagi TES-5 va TES-6 vaqtincha ishdan chiqqan, bu esa poytaxt aholisining yarmini issiqliksiz qoldirgan. Hozirgacha 400 ga yaqin uyda isitish to‘liq tiklanmagan. Ta’mirlash ishlari uzluksiz olib borilayotgan bo‘lsa-da, janglar va ob-havo sharoiti jarayonni qiyinlashtirmoqda.

Teglar

Mavzuga oid