16,4 mlrd so‘mlik davlat xaridlarda qonunbuzilish holatlari aniqlandi

25.02.2026 | 10:352 daqiqa

Davlat xaridlari jarayonida milliardlab so‘mlik bitimlar raqobat talablariga zid tarzda o‘tkazilgani ma’lum bo‘ldi.

16,4 mlrd so‘mlik davlat xaridlarda qonunbuzilish holatlari aniqlandi

Davlat xaridlari monitoringida bir qator hududlarda raqobatni cheklovchi holatlar fosh etildi.

Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan monitoring va kelib tushgan murojaatlar tahlili natijasida 16,4 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlarida qonunbuzilish holatlari aniqlanib, buyurtmachi tashkilotlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rildi.

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, qonunbuzilishlar Andijon, Jizzax, Namangan, Navoiy, Qashqadaryo, Sirdaryo, Surxondaryo, Xorazm viloyatlari hamda Toshkent shahrida qayd etilgan. Eng yirik holat Toshkent shahridagi «O‘zbekiston milliy metrologiya instituti» davlat muassasasi tomonidan amalga oshirilgan 13,1 mlrd so‘mdan ortiq xaridda aniqlangan.

Shuningdek, Xorazm viloyatidagi Hazorasp tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limida 1,1 mlrd so‘mdan ortiq, Qashqadaryo viloyatidagi Ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi filialida qariyb 500 mln so‘mlik, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida esa bir necha yuz million so‘mlik xaridlarda qonun talablari buzilgani ma’lum qilindi.

O‘rganishlar davomida «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonunning 29-moddasi talablariga rioya etilmagani, ya’ni savdolarda raqobatni cheklovchi yoki cheklashga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlar sodir etilgani aniqlangan.

Qo‘mitaning hududiy boshqarmalari huzuridagi maxsus komissiyalar tomonidan mazkur holatlar yuzasidan ishlar qo‘zg‘atilib, belgilangan tartibda ta’sir choralari qo‘llanildi. Buyurtmachi tashkilotlarga qonunbuzilishlarni bartaraf etish va kelgusida takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berildi.

Qo‘mita ta’kidlashicha, davlat xaridlarida shaffoflik va adolatli raqobatni ta’minlash budjet mablag‘laridan samarali foydalanishning asosiy sharti hisoblanadi.

Teglar

Mavzuga oid