Isroil Eronga harbiy zarba berdi
Eron poytaxti Tehron shahrida kuchli portlash ovozi eshitilgan. Isroil hududida ham ogohlantiruvchi sirenalar yangragani ma’lum qilindi.

Eron poytaxti Tehron shahrida 28-fevral kuni kuchli portlash ovozi eshitildi. Hodisa yuzasidan rasmiy idoralar hozircha izoh bermagan. Isroil Mudofaa vaziri Kats esa Eronga zarba berganini rasman e’lon qilib, mamlakat hududida zudlik bilan favqulodda holat joriy etilganini ma’lum qildi. Bu haqda «Al Arabiya» xabar qildi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, portlash ovozi Tehronning bir nechta hududlarida sezilgan. Mahalliy aholi kuchli zarba to‘lqini va favqulodda xizmatlar harakati kuzatilganini qayd etgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda qutqaruv xizmatlari texnikasi va maxsus avtomobillar ko‘ringani aytilmoqda. Biroq Eron hukumati hozircha rasmiy bayonot bermagan.
Isroil Mudofaa vazirining so‘zlariga ko‘ra, yaqin soatlarda Eron tomonidan raketa va uchuvchisiz qurilmalar orqali javob zarbasi berilishi ehtimoli yuqori. Shu bois aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida cheklovlar kuchaytirildi.
Isroil Mudofaa armiyasi sirenalar ishga tushganini va aholiga bombadan panoh joylari yaqinida bo‘lish bo‘yicha xabarlar yuborilganini bildirdi. Ta’lim tadbirlari bekor qilindi, ommaviy yig‘ilishlar taqiqlandi va strategik ahamiyatga ega tarmoqlardan tashqari ofislar faoliyati to‘xtatildi.
Hodisa Eron va AQSH o‘rtasida yadroviy dastur masalasida ziddiyatlar kuchaygan davrga to‘g‘ri keldi. So‘nggi haftalarda ikki tomon keskin bayonotlar almashgan edi.
Analitiklar fikricha, har qanday harbiy harakat yoki shubhali hujum mintaqadagi geosiyosiy muvozanatga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Energetika bozorlari va neft narxlari ham bunday xabarlarga sezgir hisoblanadi.





