Tramp Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshlanganini aytdi
AQSH prezidenti o‘zining 8 daqiqalik murojaatida Tehronga berilgan hujumda AQSH'ning ishtirokini tasdiqlab, raketa infratuzilmasi yo‘q qilinishini ma’lum qildi.

AQSH prezidenti Donald Tramp «Truth Social» orqali e’lon qilgan videomurojaatida Vashington Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshlaganini rasman tasdiqladi. Uning ta’kidlashicha, amaliyotning asosiy maqsadi Eronning raketa salohiyati va harbiy sanoatini izdan chiqarishdan iborat.
«Biz ularning raketalarini yo‘q qilamiz va raketa sanoatini yer bilan yakson qilamiz», dedi Tramp.
Shuningdek, Tramp Eron rahbariyatini qattiq tanqid qilib, «Ular o‘ta shafqatsiz, juda qattiqqo‘l va dahshatli odamlar guruhi. Ularning tahdidli faoliyati bevosita AQSHga, qo‘shinlarimizga, xorijdagi harbiy bazalarimizga hamda butun dunyo bo‘ylab ittifoqchilarimizga xavf tug‘diradi», dedi.
Associated Press ma’lumotiga ko‘ra, harbiy zarbada nishonlardan biri Eron oliy rahbari Ali Xomanaiyning ofisi bo‘lgan. Reuters esa hukumat vakiliga tayanib, Xomanaiy xavfsiz joyga ko‘chirilganini xabar qilgan. Shuningdek, Eron razvedka binosi, prezidentlik majmuasi va Tehron aeroporti ham zarba ostida qolgani ma’lum qilingan
Trampning bayonoti yadro dasturi bo‘yicha muzokaralar keskinlashgan bir paytga to‘g‘ri keldi. Oxirgi oylarda AQSH mintaqada harbiy kuchlarini kuchaytirib, Eronga bosimni oshirgan edi. Rasmiy Vashington Tehrondan uran boyitishni cheklash va raketa dasturini qisqartirishni talab qilib kelmoqda.
Hozircha Eron rasmiylari Tramp bayonotiga javob bergani yo‘q.





