«O‘zbekistonda bundan ko‘p topardik»: Tarmoqlarda Belarusdagi andijonlik ishchilarning e’tirozli videolari tarqalmoqda
Ishchilar O‘zbekistonda Belarusda taklif qilingan maoshdan ham ko‘proq ishlab topa olishini aytgan.
© Ijtimoiy tarmoqlarIjtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati hokimligi tomonidan Belarusga ishlashga yuborilgan 10 dan ortiq o‘zbekistonliklarga u yerda juda kam maosh taklif qilingani aytilgan video tarqaldi.
Video orqali murojaat yo‘llaganlarning aytishicha, ularga Bealarusdagi ish beruvchi tomonidan ish haqi sifatida 500 dollardan berilishi aytilgan. Ammo yashash xarajatlari, xususan yotoqxona to‘lovlari o‘zlarining cho‘ntagidan to‘lanishi kerakligi bildirilgan.
«Hurmatli hokimimiz! Bu yerda 500 dollardan ishlaydigan bo‘lsak, 200 dollardan qornimizga ketsa, 100 dollarni kir yuvish kukuni, sovun va shunga o‘xshash narsalarni sotib olishga ishlatsak, qolgan 200 dollar uchun bu yerda vaqtimizni sarflab, sarson bo‘lganimizdan foyda yo‘q. Undan ko‘ra, O‘zbekistonga qaytarib yuborishgani yaxshi», — deydi ulardan biri.
Ishchilar O‘zbekistonda Belarusda taklif qilingan maoshdan ham ko‘proq ishlab topa olishini aytgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 8–9-iyul kunlari Belarusga rasmiy tashrif bilan borgandi. Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko O‘zbekiston rahbari bilan Minskda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda o‘zbekistonliklarni oilasi bilan birga Belarusga ko‘chib borib, u yerda ishlashga chaqirgandi. U o‘z rahbarligi ostidagi mamlakatda mehnatkash va malakali kadrlar tanqisligini aytib, O‘zbekistonda suv va yer bilan bog‘liq muammoli masalalarga to‘xtalgandi. Uning aytishicha, bunday muammolar Belarusda yo‘q.
Shu bois u o‘zbekistonliklarni vataniga taklif qilgandi. 14-iyul kuni Lukashenko Vitebsk viloyati va O‘zbekistonning Andijon viloyati o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari bilan tanishdi. Uning Orsha tumaniga ishchi tashrifida Andijon hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ham ishtirok etdi. Abdurahmonov Vitebskda ishchilarga yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorlik bildirdi.
Uchrashuvda Lukashenko Abdurahmonovga shunday degan:
«Biz aka-ukadek hamkorlik qilamiz! Bunga shubha qilmasangiz ham bo‘ladi».
Lukashenko O‘zbekistondan borgan ishchilarni uy-joy bilan ta’minlash masalasiga ham to‘xtalgan.
«Qishloqlarimizda yashash uchun munosib uy-joylar bor. Ularni birgalikda tartibga keltiramiz. Yangi quriladigan barcha inshootlarni odamlar uchun quramiz. O‘zbekistonliklar bilan belarusliklar o‘rtasida hech qanday farq bo‘lmaydi. Bolalaringiz ham belaruslik bolalar kabi bir xil shartlar asosida bog‘cha va maktabga boradi. Bu yerga kelgan insonlar o‘zlarini biz uchun begona emasligini his qilishi kerak. Biz buning uchun barcha sharoitlarni yaratamiz. Faqat ular sidqidildan mehnat qilsa bo‘ldi», — degan Belarus rahbari.
Lukashenko Andijon viloyati hokimini faqat Vitebsk viloyatiga emas, balki boshqa hududlarga ham e’tibor qaratishga chaqirdi. Uning aytishicha, Mogilyov viloyatining janubi-sharqiy qismida ham shunga o‘xshash hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyati mavjud. Bu hududni rivojlantirish dasturi allaqachon ishlab chiqilgan.
«Biz bu dasturni bekor qilmaymiz. U yerda turli imtiyozlar va rag‘batlantirish choralari mavjud. Eng muhimi esa — odamlar. Ular kelib ishlasin. Endi qancha odam va qanday mutaxassislar kerakligini aniqlashimiz lozim. Hukumat hozir aynan shu masala ustida ishlayapti va sizga aniq hisob-kitoblarni taqdim etadi», — degan u.
O‘zbekiston fuqarolarini nafaqat qishloq xo‘jaligiga, balki qurilish, sanoat, xizmat ko‘rsatish sohasi hamda kichik tibbiyot xodimlari sifatida ishlashga ham jalb etish rejalashtirilgan. Ta’kidlanishicha, yaqinda Belarusga 250 nafar o‘zbekistonlik yetib borib, ularning barchasi ish bilan ta’minlangan. Bundan tashqari, Andijon viloyatidan yana 5 ming kishi Vitebsk viloyatiga borishi bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Ular sentabr oyidan boshlab har safar 500 nafardan borishni boshlaydi. Vitebsk viloyatida ularni qabul qilish uchun barcha zarur sharoitlar yaratiladi.
Andijon hokimi Abdurahmonov Belarusga ishlashga borgan o‘zbekistonliklar mehnatkash ekanini aytib, Lukashenkoni bunga ishontirgan.
Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyevning tashrifi davomida bir nechta hujjatlar imzolangandi. Ular orasida aynan o‘zbekistonliklarni Belarusda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun tashkiliy asosda qabul qilish va jalb etish to‘g‘risida hukumatlararo bitim ham bor.





