add

1-fevraldan «Davlat ta’minotidagi oila»lar uchun yangi yordam paketi joriy etiladi

2026 yil 1-fevraldan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi moliyaviy va infratuzilmaviy mexanizm ishga tushiriladi.

1-fevraldan «Davlat ta’minotidagi oila»lar uchun yangi yordam paketi joriy etiladi

2026 yil 1-fevraldan boshlab «davlat ta’minotidagi oila» toifasiga kiritilgan oilalar uchun yangi ijtimoiy yordam paketi joriy etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Ijtimoiy yordam paketi

Qonunchilikka muvofiq, ushbu toifadagi oilalar xonadoniga quvvati 7–10 kW bo‘lgan quyosh panellarini o‘rnatish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravarigacha subsidiya ajratiladi. Bu esa oilalarning elektr energiyasi xarajatlarini qisqartirish, shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish imkoniyatlarini oshirishga xizmat qiladi.

Ijtimoiy yordam paketining yana bir muhim qismi — imtiyozli kreditlar ajratilishi hisoblanadi. Tijorat banklari orqali «davlat ta’minotidagi oila»larga 4 yilgacha muddatga bazaviy hisoblash miqdorining 75 baravarigacha kredit berish nazarda tutilgan. Mazkur mablag‘lar oilaning mehnatga layoqatli a’zolarini bandlikka jalb qilish, tadbirkorlik faoliyatini boshlash yoki kengaytirishga yo‘naltiriladi.

Imtiyozli kreditlar

Xususan, kredit mablag‘lari hisobidan chorva mollari, parranda, quyon, baliq va asalari uyalarini xarid qilish, ko‘chma do‘konlar tashkil etish, motoroller yoki skuter sotib olish, shuningdek, issiqxona qurish kabi loyihalarni amalga oshirish mumkin bo‘ladi. Bu esa oilalarning o‘zini o‘zi ta’minlash imkoniyatlarini oshirishga qaratilgan.

Belgilangan tartibga ko‘ra, kredit 1 yillik imtiyozli davr bilan ajratiladi va «davlat ta’minotidagi oila» a’zosining ijtimoiy kartasiga o‘tkaziladi. Kredit foiz stavkasi esa Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida amal qilayotgan stavkalar asosida hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 1-fevraldan professional tutingan oila xizmati yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar bergan edik.

Yangi tizim zo‘ravonlikka uchragan va ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda qolgan bolalarni vaqtincha oila muhitida himoya qilishni nazarda tutadi.

Teglar

Mavzuga oid