add

10 yil kechikkan qaror: moped va skuter haydovchilari uchun nihoyat yengillik yaratildi

27.10.2025 | 21:3020945

Jamoatchilikning tanqidlaridan keyin moped va skuter haydovchilari uchun yangi «A1» toifasi joriy etiladi. Aslida esa bu qaror kechikkan — chunki dunyoning ko‘plab davlatlari bunday qo‘shimcha toifalarni ancha avval amalga kiritgan edi.

10 yil kechikkan qaror: moped va skuter haydovchilari uchun nihoyat yengillik yaratildi

Tanqidlardan so‘ng, Vazirlar Mahkamasi «Transport vositalarini boshqarishga ruxsat berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni qabul qildi. Endi moped va skuter egalari uchun haydovchilik guvohnomasini olish tartibi soddalashtiriladi, shuningdek, yangi «A1» toifasi joriy etiladi.

Yangi tartibga ko‘ra, haydovchilik guvohnomasini olish uchun majburiy tarzda nazariy va amaliy kurslarni o‘tash talab etilmaydi — talabgorlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri imtihon topshiradi. 2026 yil 1 yanvardan kuchga kiradigan ushbu o‘zgarishlar «A» toifasiga nisbatan ancha yengil bo‘ladi. Imtihonda 20 ta testdan 16 tasiga to‘g‘ri javob berish kifoya. Ilgari 20 tadan 18 tasiga to‘g‘ri javob berish talab etilardi.

Shuningdek, «A», «B», «C» yoki «D» toifasiga ega haydovchilar uchun alohida «A1» olish talabi bekor qilinadi — ular skuter va mopedlarni bevosita boshqarishi mumkin bo‘ladi.

Mazkur qaror jamoatchilikning davomli tanqidlaridan keyin qabul qilindi. Chunki oktyabr oyi boshida kuchga kirgan avvalgi tartib 130 mingdan ortiq kurerlar va yetkazib beruvchilarning ishini to‘xtatgan edi. Vaqt.uz o‘shanda kurerlar fikrini o‘rganganida, ularning aksariyati «prava» tizimiga qarshi emasligini, biroq amalda narxlar qimmatligi va o‘qish tizimi murakkab ekanini ta’kidlagan edilar.

1


Qashqadaryolik kurer Bunyod Mustafoyov shunday degan edi: «Raqam olish va prava uchun 6 million so‘m ketadi. Ro‘zg‘ordan ortib, buncha ortiqcha mablag‘ni to‘plash uchun kamida uch oy vaqt ketadi. Agar narxlar arzonlashsa yoki muddat cho‘zilsa, xalq o‘qiydi», — degan u.


2

Jizzaxdan kelib ishlaydigan talaba yigit Bekzod Saydullayev esa o‘qish imkoniyatlarining cheklangani va tizim tayyor emasligidan shikoyat qilgan:
«A toifaga o‘qish faqat “Vatanparvar”da bor, boshqa joylarda yo‘q. O‘qish tizimi yo‘lga qo‘yilmasdan “prava” talab qilish — adolatdan emas», — degan u.


3


Ilhomjon Nazarov esa Farg‘onadan kelib oila boqish uchun ishlashini va bu qaror sababli daromadi keskin kamayganini aytgan edi: «Avval benzinli motorollerda ishlardim, hozir elektr velosipedda yuryapman. Haftasiga 500 ming so‘m ijara to‘layman. Besh kun o‘zim uchun, ikki kun velosiped uchun ishlayapman», — degan u. Shuningdek, hamkasblarining yarmi Rossiyaga ishlashga ketganini ham qo‘shimcha qilgan.

Ularning aytishicha, «prava»ga oid qaror moliyaviy ahvollariga salbiy ta’sir ko‘rsatgan, lekin narxlar, o‘qish joylari va imtihon tizimining murakkabligi vaziyatni og‘irlashtirgan.

Dunyo allaqachon haydovchilik guvohnomalariga qo‘shimcha toifalar kiritish tizimiga o‘tgan va bu xalqaro standart sifatida e’tirof etilgan. O‘zbekistonda esa bu o‘zgarishlar endigina boshlanmoqda — ya’ni kamida 10 yil kechikkan holda.

2011 yil 29 martdan boshlab «Yo‘l harakati to‘g‘risida»gi Vena konvensiyasida haydovchilik toifalariga oid talablar yangilangan. Ammo O‘zbekistonda bu o‘zgarishlar deyarli inobatga olinmagan. Hatto 2022 yil 12 aprelda qabul qilingan yangi yo‘l harakati qoidalarida ham xalqaro me’yorlar to‘liq aks etmagan. Ayniqsa, skuter va mopedlar bilan bog‘liq masalalar «e’tibordan chetda qolgan»day ko‘rinadi.

Vena konvensiyasining yangilangan talablariga ko‘ra, dvigateli hajmi 50 kub santimetrdan 125 kub santimetrgacha bo‘lgan yengil mototsikllar uchun alohida «A1» toifa joriy etilishi kerak. Bu nafaqat xalqaro normalar talabi, balki yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash hamda transport vositalari egalari huquqlarini aniq belgilash uchun ham muhim hisoblanadi.

Qo‘shni mamlakatlar — Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston allaqachon bu tizimni amaliyotga tatbiq etgan. Bundan tashqari, o‘rganishlarimiz davomida Turkiya, Ozarbayjon va Ukraina ham skuter va moped haydovchilar uchun qo‘shimcha toifa allaqachon amal qilayotganligini aniqladik.

Davlatlarning haydovchilik guvohnomalari

4

Qozog‘iston haydovchilik guvohnomasi

5

Qirg‘iziston haydovchilik guvohnomasi

6

Tojikiston haydovchilik guvohnomasi

7

Ukraina haydovchilik guvohnomasi

8

Ozarbayjon haydovchilik guvohnomasi

9

Turkiya haydovchilik guvohnomasi


Tahlil jarayonida qiziqarli holat aniqlandi: O‘zbekistonning amaldagi haydovchilik guvohnomasi Rossiyaning eski namunasi bilan deyarli bir xil. Dizayn, toifalar joylashuvi va belgilarda sezilarli o‘xshashlik bor. Biroq Rossiya Federatsiyasi ham yangilangan talablarga mos ravishda tizimni o‘zgartirgan. 2020 yil 1 dekabrdan boshlab yangi versiyaga o‘tgan va qo‘shimcha toifalar joriy etilgan. O‘zbekistonda esa bu borada hali faqat ilk qadamlar tashlanmoqda.

0

Rossiya haydovchilik guvohnomasi (eski versiyasi)

-

Rossiya haydovchilik guvohnomasi (yangi versiyasi)

Xalqaro majburiyatlar e’tiborsiz qolgan

O‘zbekiston Respublikasining «Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida»gi qonunda aniq ko‘rsatma mavjud: «Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi». Ya’ni, agar O‘zbekiston Vena konvensiyasini ratifikatsiya qilgan bo‘lsa — uning qoidalarini bajarish majburiydir.

Eslatib o‘tamiz, 1968 yil 8 noyabr kuni Avstriya poytaxti Vena shahrida qabul qilingan ushbu konvensiya O‘zbekiston tomonidan ham ratifikatsiya qilingan.

Vena konvensiyasiga ko‘ra, «A1» toifa 50 kub santimetrdan 125 kub santimetrgacha bo‘lgan yengil mototsikllar uchun, «A» toifa esa undan kattaroq quvvatli mototsikllar uchun mo‘ljallangan.

Demak, «A» toifali haydovchilik guvohnomasi butun dunyoda faqat mototsikllarni boshqarish uchun beriladi. Dvigateli hajmi 50 kub santimetrdan kichik bo‘lgan skuter va mopedlarni boshqarish uchun esa haydovchilik guvohnomasi talab etilmaydi.

Xulosa qilib aytganda, hukumatning mazkur qarori kechikkan bo‘lsa-da, O‘zbekistonda yo‘l harakati tizimini xalqaro talablarga yaqinlashtirish sari tashlangan muhim qadamdir. Ammo bu o‘zgarishlar kamida o‘n yil avval amalga oshirilishi kerak edi — chunki mamlakat Vena konvensiyasi talablarini qabul qilgan bo‘lsa-da, ularni amalga joriy etishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilgan. 

«A1» toifaning joriy etilishi va imtihon talablarining yengillashtirilishi minglab kurerlar va moped haydovchilari uchun qulaylik yaratadi. Biroq qaror samarasi imtihon tizimining murakkabligi, o‘quv markazlari yetishmasligi va xizmat narxlarining balandligi kabi muammolar hal etilmas ekan, to‘liq his etilmaydi. O‘n yil kechikkan bu islohot — faqat boshlanish, ammo uning haqiqiy natijasi ijro intizomi, amaliyotdagi odilona yondashuv va fuqarolar manfaatini ustuvor qo‘yish bilan belgilanadi.

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 8

Barchasi

Mavzuga oid