
100 mlrd dollarlik istiqbolli loyihalar: O‘zbekiston va AQSH kompaniyalari o‘zaro 10 ta yirik bitim imzoladi
23.09.2025 | 10:009564
O‘zbekiston davlat va xususiy sektori kompaniyalari AQSH korporatsiyalari bilan strategik yo‘nalishlarda kamida 10 ta yangi hamkorlik bitimini imzoladi.

Shavkat Mirziyoyev va AQSH prezidentining maxsus vakili Serjio Gor ishtirokida Nyu Yorkdagi uchrashuvda umumiy qiymati 100 mlrd dollardan ortiq shartnoma va istiqbolli loyihalar portfeli shakllantirilgani ma’lum qilindi.
Imzolangan hujjatlar orasida transport, tibbiyot, moliya, energetika va innovatsiyalar sohalaridagi yirik loyihalar bor.
Jumladan:
Transport vazirligi va «Boeing» kompaniyasi o‘rtasida transport sohasida uzoq muddatli hamkorlik to‘g‘risida bitim;
«Texnopark» MCHJ va «FLSmidth» kompaniyasi o‘rtasida tog‘-kon uskunalarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish to‘g‘risida bitim;
«Akfa group» va «Cleveland Clinic» o‘rtasida ko‘p tarmoqli klinika va ta’lim muassasasini tashkil etish to‘g‘risida bitim;
«Centrum Air» aviakompaniyasi va «Oppenheimer» investitsiya kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro sheriklik va hamkorlik to‘g‘risida bitim;
Iqtisodiyot va moliya vazirligi va «Citigroup» kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
«O‘zbekgidroenergo» AJ va «Cargill Financial Services International» kompaniyasi o‘rtasida moliyaviy hamkorlik to‘g‘risida bitim;
«O‘ztransgaz» AJ va «Pangea Filtration Technology» kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda «Cove Capital» kompaniyasi o‘rtasida istiqbolli maydonlarda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish to‘g‘risida bitim;
«Yangi Kon» MCHJ va «SLB» kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
Uchrashuvda yangi loyihalarni moliyalashtirishda AQSH Eksimbanki va DFC jamg‘armasi imkoniyatlaridan foydalanish, amalga oshirish jarayonini tezlashtirish uchun qo‘shma Muvofiqlashtiruvchi qo‘mita tashkil etish muhimligi qayd etildi.
Shu bilan birga, xavfsizlik, terrorizm va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish sohalarida ham hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama etildi.
21 sentyabr kuni O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev mamlakat birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva bilan BMT Bosh assambleyasining 80-sessiyasida chiqish qilish maqsadida Nyu Yorkka yetib borgan edi.





