add

2025-yil inflyatsiyasi: yil davomida bozorlarda narxlar qanday o‘zgardi?

06.01.2026 | 11:557 daqiqa

2025-yil yakunida O‘zbekistonda inflyatsiya darajasi so‘nggi to‘qqiz yildagi eng past ko‘rsatkichga tushdi, biroq yil davomida oziq-ovqat, xizmatlar va kommunal sohada narxlar bosimi saqlanib qoldi.

2025-yil inflyatsiyasi: yil davomida bozorlarda narxlar qanday o‘zgardi?

Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil yakuni bo‘yicha O‘zbekistonda inflyatsiya darajasi 7,3 foizga tushdi. Bu so‘nggi 9 yildagi eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.

Ma’lumot uchun, Markaziy bank yil yakunlari bo‘yicha prognozida ham umumiy inflyatsiya 7,3 foiz atrofida bo‘lishini ma’lum qilgan edi. Shuningdek, 2026-yilda inflatsiya darajasi 6,5 foizga tushirilishi kutilmoqda.

2016 yildan buyon yillik inflatsiya darajasi

Yil

inflyatsiya darajasi (foiz)

2016

9,7 

2017

18,8

2018

14,3

2019

15,2

2020

11,1

2021

10

2022

12,3

2023

8,8

2024

9,8

2025

7,3

2026 (prognoz)

6,5

Ko‘rinib turibdiki, oxirgi marta 2023 yilda 8,8 foiz bilan eng past ko‘rsatkich qayd etilgan edi. Ammo 2025 yilning kuz oylarida inflatsiya ketma-ket pasaydi: sentabrda — 8 foiz, oktabrda — 7,8 foiz, noyabrda — 7,5 foiz, dekabrda — 7,3 foiz.

inflatsiya darajasi 02

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning tahlil qilishicha, oylik inflatsiya oldingi oyga nisbatan 0,2 foiz bandga tezlashgan bo‘lsa-da, 2024 yilning dekabr oyiga nisbatan 0,1 foiz band pastroq shakllangan. Yillik inflatsiya esa yanvar oyiga nisbatan 2,6 foiz bandga sekinlashgan.

Dekabr oyida iste’mol savatidagi 510 ta tovar va xizmatlardan 267 tasining narxi oldingi oyga nisbatan sekinlashgan. Bunda, 167 ta nooziq-ovqat, 71 oziq-ovqat va 29 ta xizmatlarning narx o‘sishi oldingi oyga nisbatan sekinlashgan. 

Nooziq-ovqatlarda narx o‘sishi sekinlashgan tovarlar soni oldingi oyga nisbatan 2 barobar (85 ta) oshgan bo‘lsa, oziq-ovqatlar va xizmatlarda mos ravishda 47 ta va 4 taga kamaygan. Oziq-ovqatlarda narx o‘sishi tezlashgan tovarlar sonining ortishi mavsumiy omillar bilan izohlanishi mumkin.

Narx o‘sishi sekinlashgan tovar va xizmatlar soni noyabr oyiga nisbatan 34 taga oshgan bo‘lsa, 2024 yilning mos oyiga nisbatan 10 taga kamaygan.

inflatsiya tushdi, lekin narx-navo-chi?

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilda tovarlar narxi 5,4 foizga ko‘tarildi. Bunda oziq-ovqat mahsulotlari oy davomida 1,5 foizga, yil davomida esa 5,5 foizga qimmatlashdi. Bu 2024 yil oxiridagi darajadan ikki barobar ko‘p degani.

Go‘sht narxi. Yil davomida qo‘y go‘shti 26,8 foizga, suyaksiz mol go‘shti 25 foizga, suyakli mol go‘shti esa 23,9 foizga qimmatlashdi.

Dekabr oyida suyaksiz mol go‘shti — 0,5 foizga, suyakli mol go‘shti — 0,5 foizga, qo‘y go‘shti — 0,5 foizga, parranda go‘shti — 0,2–0,6 foizga oshgan. Bu jarayonda ham import qilingan, ham mahalliy go‘sht narxlarida o‘zgarishlar kuzatildi.

Statistika qo‘mitasi ma’lum qilishicha, 1 kg go‘shtning o‘rtacha narxi 500–1000 so‘mga oshgan. Solishtirish uchun, o‘tgan oyda bu ko‘rsatkich 1000–1500 so‘mni tashkil etgan edi.

Sabzavot va mevalar. Dekabr oyida sabzavotlar orasida eng katta o‘sish bodring narxida kuzatildi. Bozorlarda uning narxi 50 ming so‘mgacha ko‘tarildi. Hatto import qilinadigan ananasdan ham bodring 2 karra qimmat bo‘ldi.

Iqtisodchi Otabek Bakirov bu holatni energetikadagi uzilishlar bilan quyidagicha izohladi:

«Bodring narxlarining o‘tgan yildagi krizis davridan ham ko‘proq qimmatlashi energetikadagi uzilishlar va, eng yomoni, noyabrdagi ekologik krizis ortidan yaratilgan sun’iy va ma’muriy noaniqliklar bilan bog‘liq».

Bodring bilan bir qatorda, baqlajon narxi 56 foizga, pomidor 25,1 foizga, bulg‘or qalampiri esa qariyb 23 foizga oshgan. Umuman olganda, ushbu uch mahsulot oktabrdan beri narx o‘sishi bo‘yicha o‘zaro musobaqalashib kelmoqda.

Shu bilan birga, dekabr oyida sabzi (-7,5 foiz), sitrus mevalar (-2,4 foiz), shakar (-2,3 foiz) va guruch (-1,8 foiz) narxlari pasaygan. Biroq 2025 yil davomida sitrus mevalar narxi 33,6 foizga oshgan bo‘lib, xususan, limon narxi 96,4 foizga ko‘tarilgan.

Yog‘ mahsulotlari. Dekabr oyida kungaboqar yog‘i narxi bir necha oylik o‘sishdan so‘ng 0,5 foizga arzonlashdi. Shunga qaramay, yillik hisobda paxta yog‘i 17,7 foizga, kungaboqar yog‘i esa 12,7 foizga qimmatlashdi.

Oziq-ovqat mahsulotlari orasida arzonlashganlar ham bor. Masalan, guruch (-16,6 foiz), tuxum (-14,5 foiz), shakar (-4,8 foiz) va un (-4,7 foiz) arzonlashgan.

Nooziq-ovqat mahsulotlari. Nooziq-ovqat mahsulotlari narxi yil davomida 5,1 foizga oshdi, shundan 0,3 foizi dekabr oyi hissasiga to‘g‘ri keladi. 2024 yilda bu ko‘rsatkich 7,7 foiz bo‘lgan.

Xizmat ko‘rsatish sohasi. Xizmat ko‘rsatish sohasida inflatsiya o‘tgan yilga nisbatan ma’lum darajada pasayganiga qaramasdan, u hali ham umumiy inflatsiya darajasidan ancha yuqori bo‘lib, 13,9 foizni tashkil etdi. Dekabr oyida esa xizmatlar narxi 0,7 foizga oshdi.

Kommunal xizmatlar. Ayrim hududlarda chiqindilarni olib chiqish xizmatlari uchun tariflar oshirilib, mamlakat bo‘yicha o‘rtacha 3 foizlik qimmatlashuvga olib keldi. Boshqa kommunal xizmatlar uchun to‘lovlar bir oy davomida o‘zgarmadi.

Yil davomida uy-joy kommunal xizmatlari tariflarining o‘rtacha darajasi 17,1 foizga oshdi. Jumladan:

  • tarmoq gazi — 39,2 foiz;

  • ichimlik suvi va kanalizatsiya — 35 foiz;

  • chiqindilarni olib chiqish — 32,5 foiz;

  • suyultirilgan gaz — 25 foiz;

  • elektr energiyasi — 18,8 foiz;

  • issiq suv ta’minoti — 11,9 foiz;

  • issiqlik ta’minoti — 11,5 foizga qimmatlagan.

Uyali aloqa. Dekabr oyida mobil aloqa xizmatlari o‘rtacha 4,9 foizga qimmatlashdi. Yil boshidan buyon esa narxlar o‘sishi 15,1 foizni tashkil etdi. Narxlar sezilarli oshganiga qaramasdan, xizmat sifatiga nisbatan e’tirozlar ham saqlanib qolmoqda.

Sanoat mahsulotlari va transport. Narxi eng ko‘p oshgan Top-30 xizmatlar orasida benzin ham mavjud. Iqtisodchi Otabek Bakirov ta’biri bilan aytganda, yoqilg‘i narxi va yo‘lkirlar «osmonga o‘ralashda» davom etmoqda.

Oy davomida benzin 2,4 foizga, propan 1,3 foizga, shahar atrofi poyezdlari 5,9 foizga, shahar avtobuslari 3,2 foizga, aviaqatnovlar 2 foizga oshgan.

Qayd etilishicha, 2025 yil dekabrda sotilgan benzinning 78 foizi AI-92 markali benzin bo‘lgan (noyabrda — 57 foiz).

Avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalaridagi narxlar:

  • AI-80 — 9500–9900 so‘m;

  • AI-91/AI-92 — 10 500–13 300 so‘m;

  • AI-95/AI-98 — 12 500–18 000 so‘m;

  • AI-100 — 21 000 so‘mgacha.

Propan litri 7600 so‘m yuqori narx chegarasida 1,3 foizga qimmatlashdi va o‘tgan yilga nisbatan 10,5 foizga arzonligicha qoldi. Metan narxi dekabr oyida barqaror bo‘lib, yillik o‘sish taxminan 30 foizni tashkil etdi.

Yil davomida ichki va xalqaro aviachiptalar 21,7 foizga, shahar avtobuslari chiptalari 21,1 foizga, shahar atrofi poyezdlari yo‘l haqi 10,1 foizga qimmatlashdi. Kuryerlik xizmatlari narxi esa 18,3 foizga oshdi.

Sog‘liqni saqlash. Dekabr oyida sog‘liqni saqlash sohasidagi narxlar sezilarli o‘zgarmadi. Dori vositalari 0,2 foizga (yil davomida 4,6 foiz), davolanish xizmatlari 0,2 foizga, sog‘liqni saqlash sohasidagi boshqa xizmatlar esa 0,1 foizga qimmatlashdi.

Ta’lim. 2025-yilda bog‘cha to‘lovlari 17 foizga oshdi. Xorijiy tillar va repetitorlik xizmatlari 6,6 foizga qimmatlashdi. Haydovchilikka tayyorlov kurslari esa 59 foizga oshgan. Vaqt.uz bu bo‘yicha surishtiruv o‘tkazib, «prava» olish narxining keskin oshishi sabablarini tahlil qilgan edi.

Hududiy ko‘rsatkichlar. Yil davomida narxlar eng ko‘p Farg‘ona viloyati va Qoraqalpog‘istonda — 7,7 foizga oshgan. Inflyatsiyaning eng past darajasi Jizzax viloyatida — 6,7 foiz qayd etildi.

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida inflatsiya respublika o‘rtacha ko‘rsatkichidan biroz past bo‘lib, mos ravishda 7,1 va 7,2 foizni tashkil qildi.

2025 yilda qaysi tovar va xizmatlar qimmatladi, qaysilari arzonlashdi?

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev tahliliga ko‘ra, 2025 yilda narxi eng yuqori o‘sgan xizmat trolleybus yo‘l haqi bo‘lib, u yil davomida 2 barobarga oshgan. Shuningdek, limon (96,4 foiz), haydovchilikka tayyorlov kurslari (59 foiz), ichki havo transporti xizmatlari (59,6 foiz) ham yuqori o‘sish ko‘rsatgan.

inflatsiya darajasi 03

Oziq-ovqat mahsulotlari orasida eng katta o‘sish go‘sht mahsulotlariga to‘g‘ri kelgan. Turli go‘sht turlari narxi yil davomida 24–26 foizga oshgan. Bu holat global omillar bilan bog‘liq bo‘lib, xususan, FAO ma’lumotlariga ko‘ra, mol go‘shti indeksi 14,2 foizga, qo‘y go‘shti indeksi esa 23,4 foizga oshgan.

Qaysi tovarlar narxi eng ko‘p pasaydi?

2025 yilda eng ko‘p arzonlashgan mahsulot qovoq bo‘lib, uning narxi 57,7 foizga tushgan. Shuningdek, tarvuz (-29,9 foiz), shaftoli (-24,1 foiz), sarimsoq (-20,5 foiz) kabi mahsulotlar ham sezilarli arzonlashgan.

Narxi eng ko‘p pasaygan 20 ta tovar va xizmatning 17 tasi oziq-ovqat mahsulotlari, 2 tasi nooziq-ovqat mahsulotlari va 1 tasi xizmatlar (pul o‘tkazmalari uchun haq) hisoblanadi. Bu holat mavsumiy pishiqchilik davrida oziq-ovqat mahsulotlari narxining keskin pasayishi bilan izohlanadi.

inflatsiya darajasi 04

2025-yilda inflyatsiya darajasining 7,3 foizga tushishi rasmiy ko‘rsatkichlar nuqtai nazaridan ijobiy natija sifatida taqdim etilmoqda. Biroq bu pasayish aholi kundalik hayotida narxlar bosimi sezilarli kamayganini anglatmayapti. Aksincha, oziq-ovqat, kommunal xizmatlar, transport va ta’lim kabi asosiy xarajat yo‘nalishlarida qimmatlashuv saqlanib qoldi.

Shu jihatdan, inflyatsiya ko‘rsatkichining pasayishi hozircha umumiy statistik manzarani yaxshilagan bo‘lsa-da, uning aholi xarid qobiliyatiga ta’siri cheklanganligicha qolmoqda. Narxlar tuzilmasidagi o‘zgarishlar va asosiy xarajat yo‘nalishlarida barqarorlik ta’minlanmas ekan, inflyatsiyaning pasayishi ijtimoiy farovonlikda to‘liq aks etishi qiyin bo‘lib qoladi.

Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 29

Barchasi

Mavzuga oid