add

2025 yilda voyaga yetmaganlar tomonidan 3 266 ta jinoyat sodir etilgan

24.01.2026 | 21:101 daqiqa

Voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning katta qismi Toshkent shahri, Farg‘ona, Namangan, Samarqand va Toshkent viloyatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

2025 yilda voyaga yetmaganlar tomonidan 3 266 ta jinoyat sodir etilgan

2025 yilda O‘zbekistonda voyaga yetmaganlar tomonidan jami 3 266 ta jinoyat sodir etilgan. Bu umumiy jinoyatlar sonining 2,1 foizini tashkil qiladi. Eng og‘ir ko‘rsatkich sifatida 15 ta qotillik jinoyati aynan voyaga yetmaganlar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bu haqda «Kriminologiya tadqiqot instituti» ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning katta qismi oldini olish mumkin bo‘lgan turkumga kiradi. Xususan, 2 554 ta holat profilaktika choralari bilan bartaraf etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlar hisoblanadi. Yana 321 ta jinoyat aniqlangan, 391 ta holat esa axborot texnologiyalari orqali sodir etilgan.

Statistika shuni ko‘rsatadiki, voyaga yetmaganlar jinoyatchiligi mamlakat bo‘ylab bir xil tarqalmagan. Jami jinoyatlarning 65,5 foizi atigi besh hudud hissasiga to‘g‘ri kelgan. Eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida qayd etilgan bo‘lib, bu yerda 634 ta jinoyat sodir etilgan. Farg‘ona viloyatida 482 ta, Namangan viloyatida 371 ta, Toshkent viloyatida 345 ta va Samarqand viloyatida 308 ta jinoyat aniqlangan.

Asosiy jinoyat turlari

Oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlarning har ikkinchisi o‘g‘rilikka to‘g‘ri keladi. Xususan, 1 313 ta holat o‘g‘rilik jinoyati sifatida qayd etilgan. Shuningdek, voyaga yetmaganlar tomonidan 84 ta firibgarlik, 193 ta bezorilik, 68 ta og‘ir tan jarohati yetkazish va 68 ta transport vositasini olib qochish holatlari aniqlangan. Bundan tashqari, 36 ta nomusga tegish, 17 ta bosqinchilik hamda 15 ta qotillik jinoyati sodir etilgan.

Teglar

Mavzuga oid