
2025-yilning hashamati — shaxsiy sport klubi: milliarderlar nega sportga pul tikmoqda?
Fortune nashri ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yilda milliarderlar uchun eng jozibali sarmoya — shaxsiy sport jamoasi hisoblanmoqda.

GPMorgan Private Bank o‘tkazgan so‘rovnomaga ko‘ra, an’anaviy investitsiya turlari — qimmatbaho san’at asarlari, vintaj avtomobillar yoki to‘plamlar — zamonaviy milliarderlar uchun o‘rniga ega bo‘lmay qoldi. Endi sport jamoalari va arenalar ularning e’tibori markazida, deb yozadi nashr.
Bank ma’lumotlariga ko‘ra, 34 foiz rahbarlar jamoalar va arenalarga sarmoya kiritmoqda, san’atga esa 23 foiz, avtomobillarga esa atigi 10 foiz sarmoya yo‘naltirilmoqda. 2022 yilda sport jamoalaridagi ulushga ega bo‘lgan sarmoyadorlar ulushi 6 foiz bo‘lgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 20 foizga yetgan.
Masalan, Guggenheim Partners kompaniyasi bosh direktori Mark Uolter «Los-Anjeles Leykers» jamoasining nazorat paketini taxminan 10 mlrd dollarga sotib olgan. U shuningdek, beysboldagi «Los-Anjeles Dojers» jamoasiga ham egalik qiladi. Uning moliyaviy qurbi 7,3 mlrdga baholanmoqda.
Mark Kyuban esa 2000 yili 285 mln dollarga sotib olgan «Dallas Maveriks»ni 2023 yil oxirida 3,5 mlrd dollarga sotgan. Bu misollar sport jamoalariga kiritilgan sarmoyalar qanchalik tez foyda keltirayotganini ko‘rsatadi.
GPMorgan hisobotida ta’kidlanishicha, endi NBA va NFL kabi yirik liga jamoalarining aksariyatida xususiy investitsiyalar ishtirok etadi. Bu sport sohasiga institutsional sarmoyaning yanada chuqur kirib kelayotganidan dalolat beradi.
Ajablanarlisi, ayollar sportiga qiziqish ham ortib bormoqda. McKinsey&Company bahosiga ko‘ra, AQSHda ayollar sporti 2030 yilgacha 2,5 mlrd dollar tushum keltirishi mumkin — bu 2024 yildagi 1 mlrd dollarlik ko‘rsatkichdan 250 foizga ko‘p.





