
2026 yildan elektron tijorat kompaniyalari ko‘proq soliq to‘lashadi
Kelasi yildan elektron tijoratdan olinadigan foyda va aylanma soliq stavkalari keskin ko‘tarilib, sohadagi kompaniyalar uchun soliq yuki sezilarli oshishi belgilanmoqda.

Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2026–2028 yillarga mo‘ljallangan budjet elektron tijorat bilan shug‘ullanuvchi korxonalar uchun soliq siyosatining bir qator muhim o‘zgarishlari joriy etiladi.
Eng asosiy yangilik sifatida 2026 yil 1-yanvardan boshlab elektron platforma orqali tovar, ish va xizmat sotadigan kompaniyalar foyda solig‘ini amaldagi 10 foiz o‘rniga 15 foiz miqdorida to‘lashlari belgilandi.
Mazkur soliq miqdori so‘nggi ikki yil ichida ikkinchi marta o‘sgan, 2025 yil boshida 7,5 foizdan 10 foizga oshirilgan edi. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, yangi tartib budjet tushumlarini barqarorlashtirish va elektron tijorat bozorida shaffoflikni oshirishni ko‘zlaydi.
Byujetnomada yana bir muhim o‘zgarish sifatida aylanmadan olinadigan soliqning 3 foizdan 4 foizga ko‘tarilishi ham belgilangan. Mazkur qaror elektron tijorat aylanmasi ortib borayotgan sharoitda soliq tushumlarini mutanosib ravishda oshirish maqsadida qabul qilingani qayd etilgan.
Shu bilan birga, hujjatda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilari uchun ham rag‘batlantiruvchi mexanizmlar nazarda tutilgan. 2026 yildan boshlab ular o‘zlari yetishtirgan mahsulotni realizatsiya qilganda qo‘shilgan qiymat solig‘ining nol stavkasidan foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Bu, ayniqsa, ichki bozordagi narx barqarorligi va fermerlar daromadini oshirish nuqtai nazaridan ahamiyatli qadam sifatida baholanmoqda.
Shuningdek, gips xomashyosini o‘z ehtiyoji uchun qazib, uni qurilish materiallari ishlab chiqarishda qo‘llaydigan kompaniyalar uchun yer osti boyliklaridan foydalanish bo‘yicha 50 foizlik soliq stavkasi joriy etilishi taklif qilingan. Mazkur chora to‘liq xomashyo aylanmasini nazorat qilish va resurslardan samarali foydalanishni ta’minlashga qaratilgan.
Issiqxonalar faoliyatida ham soliq imtiyozlari belgilangan. Agar kompaniya daromadining kamida 60 foizi aynan issiqxona faoliyatiga to‘g‘ri kelsa, 2029 yil 1-yanvarigacha ijtimoiy soliq 1 foiz miqdorida to‘lanadi.
Shuningdek, issiqxonalar uchun yer solig‘i an’anaviy foizlar asosida emas, qishloq xo‘jaligi yerlariga tegishli normativlar asosida hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026 yilda davlat tashkilotlariga byudjetdan qancha mablag‘ ajratilishi haqida ma’lumot berilgan edi.





