
298 nafar aviahalokat qurboni uchun javobgar — Yevropa sudi Rossiyaga hukm chiqardi
09.07.2025 | 23:0028952
Yevropa Inson huquqlari sudi 2014 yilda 298 kishining o‘limiga olib kelgan Malaysia Airlines'ning MH17 reysi halokatida Rossiyani javobgar deb topdi. Bu Rossiya xalqaro sud tomonidan ushbu aviahalokat uchun ilk bor rasman aybdor deb e’tirof etilgan holat hisoblanadi.

Associated Press agentligi xabar berishicha, sud qarorlari Ukraina va Niderlandiya tomonidan Rossiyaga qarshi ko‘tarilgan da’volar asosida chiqarilgan. 2014 yil 17 iyul kuni Amsterdamdan Kuala-Lumpurga uchayotgan Boeing samolyoti Ukraina sharqidagi ayirmachilar nazoratidagi hududdan otilgan Rossiyada ishlab chiqarilgan «Buk» zenit-raketa majmuasi tomonidan urib tushirilgan.
Halokat natijasida 298 nafar yo‘lovchi va ekipaj a’zolari halok bo‘lgan, ulardan 196 nafari Niderlandiya fuqarolari bo‘lgan. Sud bu falokat uchun javobgarlik to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiya zimmasida ekanini qayd etgan.
Rossiya 2022 yildan buyon Yevropa Inson huquqlari sudi qarorlarini tan olmaydi. Shu sababli, mazkur qarorlar amalda yuridik ijro kuchiga emas, balki siyosiy va ramziy ahamiyatga ega, deb baholanmoqda.





