Logo

39 milliondan oshgan aholi, futbolchilardan ayb qidirmaslikka chaqirgan Prezident va yuz millionlab jarimaga tortilgan banklar — 30-iyun dayjesti

Kecha 23:033 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

39 milliondan oshgan aholi, futbolchilardan ayb qidirmaslikka chaqirgan Prezident va yuz millionlab jarimaga tortilgan banklar — 30-iyun dayjesti

«Uzbekistan Airways» IPO'si 2027 yilga qoldirilishi mumkin

O‘zbekiston hukumati «Uzbekistan Airways» va «O‘zbektelekom» aksiyalarini xalqaro fond bozorlarida joylashtirishni 2027 yilda o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovning aytishicha, bundan oldin davlat ishtirokidagi aviakompaniya va telekommunikatsiya korxonalarini chuqur transformatsiya qilish zarur. Shuningdek, 2028–2029 yillarda boshqa davlat kompaniyalarini ham IPO'ga chiqarish rejalashtirilmoqda.

Avvalroq «Uzbekistan Airways» aksiyalarining 15–20 foizini 2026 yil oxirigacha xalqaro IPO orqali joylashtirish rejasi ma’lum qilingan edi. Yangi rejaga ko‘ra, kompaniya avval investitsion jozibadorligini oshirish va ichki islohotlarni yakunlashi, shundan keyingina xalqaro fond bozorlariga chiqishi ko‘zda tutilmoqda.

O‘zbekiston aholisi 39 milliondan oshdi

2026 yilgi aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishning dastlabki natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston aholisi soni 39 mln 47 ming 321 nafarga yetdi. Bu joriy statistik hisob-kitoblardagi 38,2 millionlik ko‘rsatkichdan 810,6 ming nafarga ko‘p. Shuningdek, 1989 yilgi ro‘yxatga olishga nisbatan mamlakat aholisi ikki barobarga oshgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, aholining 97,3 foizi ro‘yxatga olingan. Shuningdek, aholining 89,4 foizini o‘zbeklar tashkil etgan, 35,7 million nafar yoki 91,3 foizi esa o‘zbek tilini ona tili sifatida ko‘rsatgan.

Birja savdolarida suyultirilgan gazni sotish cheklanadi

18-iyunda qabul qilingan hukumat qaroriga ko‘ra, 1-avgustdan boshlab birja savdolarining alohida seksiyalarida suyultirilgan gazni faqat litsenziyaga ega yuridik shaxslar xarid qilishi mumkin bo‘ladi. Buning uchun birjaning onlayn axborot tizimi «Litsenziya» platformasi bilan integratsiya qilinadi.

Shuningdek, benzin va suyultirilgan gaz savdosini real vaqt rejimida kuzatish imkonini beruvchi onlayn hisobga olish tizimi joriy etiladi. Qarorga muvofiq, yoqilg‘i quyish shoxobchalari xodimlarining malakasi ham qat’iy nazorat qilinadi va 2027 yildan sertifikatsiz mutaxassislar ishlaydigan shoxobchalar faoliyat yurita olmaydi.

Markaziy bank bir qancha moliya tashkilotlarini jarimaga tortdi

Markaziy bank tekshiruvlar natijasida «Uzum bank», «Ipoteka bank», «Shaffof-moliya» va «Tezcoin» mikromoliya tashkilotlariga nisbatan jarima qo‘lladi. «Uzum bank» 215,5 mln so‘m, «Shaffof-moliya» 201 mln so‘m, «Tezcoin» 156 mln so‘m, «Ipoteka bank» esa 105 mln so‘m jarimaga tortildi. Qoidabuzarliklar orasida axborot berish, murojaatlarni ko‘rib chiqish, kredit shartnomalari va kredit tarixi bo‘yicha talablarga rioya etmaslik holatlari qayd etilgan.

Shuningdek, Markaziy bank «sirli mijoz» nazorati natijalariga ko‘ra 14 ta bankka jami 681,5 mln so‘m jarima qo‘lladi. Ular orasida «Agrobank»ga 255 mln so‘m, «Sanoatqurilishbank»ga esa 119,5 mln so‘m jarima belgilangan.

Prezident JCHda ishtirok etgan futbolchilardan ayb qidirmaslikka chaqirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuvda O‘zbekiston milliy terma jamoasining Jahon chempionatidagi ishtirokini baholar ekan, futbolchilardan ayb qidirish emas, balki ularni qo‘llab-quvvatlash muhimligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, terma jamoa kuchli raqiblarga qarshi o‘yinlar orqali katta tajriba to‘pladi, Abbos Fayzullayev va Eldor Shomurodov esa mamlakat tarixidagi Jahon chempionatidagi ilk gollarni urdi.

Davlat rahbari katta g‘alabalar hali oldinda ekanini qayd etib, futbolni rivojlantirish, ayniqsa bolalar futboliga e’tiborni kuchaytirish va sohaga investitsiyalarni oshirish zarurligini bildirdi. Shuningdek, 2027 yil yanvarda Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadigan Osiyo kubogiga tayyorgarlik hozirdan boshlanishi ma’lum qilindi.

Teglar

Mavzuga oid