4-sinf o‘quvchisiga sovg‘a qilingan mashina, 10-sinf o‘quvchisi sodir qilgan YTH va bolalar zaharlanishi ortidan qamalganlar — 27-fevral dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Xorazmda 4-sinf o‘quvchisiga mashina berildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 24-fevral kuni yoshlar bilan uchrashuv chog‘ida qo‘shiq ijro etgan Xorazm viloyati Urganch tumanidagi 11-son bolalar musiqa va san’at maktabi 4-sinf o‘quvchisi Otamurod Rayimboyevni rag‘batlantirish maqsadida avtomobil ajratish bo‘yicha topshiriq bergan. O‘quvchi uchrashuv davomida Komiljon Otaniyozov repertuaridan qo‘shiqni jonli ijroda kuylagan.
Xorazm viloyati hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, sovg‘a qilingan BYD Chazor elektromobili viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov tomonidan o‘quvchiga uning oila a’zolari va ustozlari ishtirokida topshirilgan.
Toshkent viloyatida bog‘chalardagi ommaviy zaharlanish ortidan 10 kishi qamoqqa olindi
2025 yil sentabr oyida Toshkent viloyatining Bekobod, Bo‘ka, Oqqo‘rg‘on, Piskent va Quyichirchiq tumanlarida maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilarining zaharlanishi bilan bog‘liq jinoyat ishi sud ish yurituviga kelib tushdi. Oliy sud matbuot kotibi ma’lumotiga ko‘ra, ish doirasida «Shark Milk Product» MCHJ rahbariyati va xodimlari hamda oziq-ovqat yetkazib berishga aloqador bo‘lgan jami 11 nafar shaxsga ayblov e’lon qilingan.
Tergov organlari ularga Jinoyat kodeksining xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlar ishlab chiqarish va sanitariya qoidalarini buzishga oid moddalari bo‘yicha ayblov qo‘ygan. Ayblanuvchilarning 10 nafariga qamoqqa olish, bir nafariga esa uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda sud ishini ko‘rishni tayinlash masalasi o‘rganilmoqda va muhokama ochiq tartibda o‘tkazilishi kutilmoqda.
Turkiyadagi noqonuniy migrantlar orasida o‘zbekistonliklar uchinchi o‘rinda
2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari Turkiyada qo‘lga olingan noqonuniy migrantlar orasida uchinchi o‘rinni egalladi. Turkiya Migratsiya boshqarmasi statistikasiga ko‘ra, eng ko‘p noqonuniy migrantlar Afg‘oniston va Suriya fuqarolari hissasiga to‘g‘ri kelgan bo‘lib, 2025 yilda mos ravishda 44 157 nafar va 22 515 nafar shaxs ushlangan.
O‘zbekiston fuqarolari bo‘yicha esa o‘sish kuzatilgan: 2024 yilda 11 521 nafar o‘zbekistonlik noqonuniy migrant sifatida ushlangan bo‘lsa, 2025 yilda bu ko‘rsatkich 13 683 nafarga yetgan va mamlakat uchinchi o‘ringa ko‘tarilgan. 2026 yil boshidan 19-fevral holatiga ko‘ra, 1 437 nafar O‘zbekiston fuqarosi ushlangani ma’lum qilingan.
1-martdan jarima xatlarini pochta orqali yetkazish to‘xtatiladi
2026 yil 1-martdan yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun rasmiylashtirilgan ma’muriy bayonnomalarni pochta orqali yetkazib berish xizmati vaqtincha to‘xtatiladi. «O‘zbekiston pochtasi» ma’lumotiga ko‘ra, bu qaror YHXX Jamoat xavfsizligi departamenti tomonidan shakllantiriladigan jarima xatlarini tarqatish amaliyotiga taalluqli bo‘lib, xizmatning bekor qilinishiga Ichki ishlar vazirligining «Xavfsiz shahar» tizimlarini rivojlantirish davlat muassasasi bilan 2026 yil uchun shartnoma imzolanmagani sabab bo‘lgan.
Hozirgacha ma’muriy bayonnomalar fuqarolarga asosan pochta orqali yuborib kelingan va bu xabardor qilishning asosiy usullaridan biri hisoblanar edi. Endi esa jarimalarni yetkazish mexanizmlarida o‘zgarish bo‘lishi mumkin, ammo yangi tartib hozircha aniq emas. «O‘zbekiston pochtasi» bu masala yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlar berib borilishini bildirgan.
10-sinf o‘quvchisi urib ketgan YPX xodimi vafot etdi
Toshkent shahrida 2010 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan bola boshqaruvidagi BMW urib ketgan YPX inspektori Xosilbek Eshnazarov vafot etdi. Bu haqda YHXX xabar qildi.
Voqea 25-fevral kuni soat 21:48 larda Toshkent shahrida yuz bergandi. Kichik serjant Xosilbek Eshnazarov YTH oqibatida hayoti uchun og‘ir tan jarohatlarini olib 3 kun davomida shifokorlar nazoratida bo‘lgan. U ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan vafot etdi.
Kichik serjant Xosilbek Eshnazarov 2022 yildan ichki ishlar organlarida xizmat qilgan. Uning ortidan 2 nafar o‘g‘il va 1 nafar qiz farzandlari qoldi.





