Logo

O‘zbekiston Prezidenti Ozarboyjon Bosh vazirini qabul qildi

Bugun 19:401 daqiqa

Muzokaralarda Ozarboyjonning «PASHA Holding», «Neqsol Holding», «AzerGold» kompaniyalari hamda Ozarboyjon Xalqaro banki rahbarlari ham ishtirok etdi.

O‘zbekiston Prezidenti Ozarboyjon Bosh vazirini qabul qildi © Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Ozarboyjon Bosh vaziri Ali Asadovni qabul qildi.

Uchrashuvda Ozarboyjonning «PASHA Holding», «Neqsol Holding», «AzerGold» kompaniyalari hamda Ozarboyjon Xalqaro banki rahbarlari ham ishtirok etdi.

Suhbat avvalida Ali Asadov O‘zbekiston rahbariga Ozarboyjon Prezidenti Ilhom Aliyevning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Shavkat Mirziyoyev esa o‘z navbatida, Ozarboyjon xalqini kuni kecha bo‘lib o‘tgan bayram – Milliy najot kuni munosabati bilan tabrikladi.

O‘zbekiston – Ozarboyjon do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish hamda mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Barcha darajalardagi faol aloqalar mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy yil boshidan buyon tovar ayirboshlash hajmi 40 foizga oshdi. Qurilish, energetika, tog‘-kon sanoati, geologiya, logistika, turizm va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Ikki mamlakat hukumatlari bo‘lajak oliy darajadagi sammitning iqtisodiy kun tartibini puxta tayyorlashi muhimligi ta’kidlandi.

Bunda Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi va Hududlar forumi natijador o‘tishini ta’minlash zarurligi qayd etildi.

Teglar

Mavzuga oid