Logo

O‘zbekiston islom moliyasining global markazlaridan biriga aylanishi mumkin — TIIF-2026

Bugun 20:583 daqiqa

Toshkent xalqaro investitsiya forumida islom moliyasini rivojlantirish, uning huquqiy bazasi, Fors ko‘rfazi davlatlaridan investitsiyalarni jalb etish istiqbollari muhokama qilindi.

O‘zbekiston islom moliyasining global markazlaridan biriga aylanishi mumkin — TIIF-2026 © Foto: ISSV

16-iyun kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TMIF-2026) doirasida o‘tkazilgan panel sessiyada O‘zbekistonda islom moliyasi bozorini rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish hamda shariat tamoyillariga asoslangan moliyaviy xizmatlarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Bu haqda Vaqt.uz muxbiri xabar bermoqda.

Markaziy bank raisi o‘rinbosari Sanjar Nosirovning ma’lum qilishicha, mamlakatda islom moliyasini joriy etish uch bosqichda amalga oshirilmoqda. Dastlabki bosqichda shariat tamoyillari asosidagi mahsulotlar mikromoliya sektorida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, keyingi bosqichlarda ushbu mexanizmlarni kapital bozori va bank tizimiga tatbiq etish rejalashtirilgan.

Hozirda 12 ta mikromoliya tashkiloti mudoraba, murobaha, mushoraka va ijara kabi moliyaviy mahsulotlarni taklif qilmoqda. Taqqoslash uchun, 2025 yilda bunday xizmatlarni atigi sakkizta tashkilot ko‘rsatgan va ularning umumiy operatsiyalari hajmi 21 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Joriy yilning dastlabki besh oyida esa ushbu ko‘rsatkich 22 mlrd so‘mdan oshdi. Operatsiyalarning asosiy qismi — 63 foizi murobaha, ya’ni belgilangan ustama bilan bo‘lib-bo‘lib sotish tamoyili asosida amalga oshirilgan. Mudoraba bitimlari ulushi 17 foizni, mushoraka bitimlari esa 14 foizni tashkil etdi.

Qayd etilishicha, shariat asosidagi moliyalashtirishni tartibga soluvchi qonun 29-iyundan kuchga kiradi. Hujjat maxsus litsenziyalash tizimini joriy etish, to‘liq islom banklari va amaldagi banklar tarkibidagi “islomiy darchalar” faoliyatini yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi.

Sohani boshqarish ikki pog‘onali tizim asosida tashkil etiladi. Markaziy bank huzuridagi kengash normativ-huquqiy bazani ishlab chiqish va sektorni muvofiqlashtirish bilan shug‘ullansa, moliyaviy tashkilotlarning o‘zida alohida nazorat organlari shariat talablariga rioya etilishini ta’minlaydi.

Markaziy bank 2025 yilda xorijiy hamkorlar bilan ishlash va huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish maqsadida maxsus loyiha ofisini tashkil etgan. Joriy yilda esa AAOIFI xalqaro standartlari asosida yettitagacha yangi me’yoriy hujjatni tasdiqlash, prudensial nazorat tizimini joriy etish hamda aholining moliyaviy savodxonligini oshirish bo‘yicha dasturlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Forum ishtirokchilari O‘zbekistonning islom moliyasi bozorida yuqori o‘sish salohiyatiga ega ekanini ham ta’kidladilar.

photo_2026-06-16_20-19-01

Inception Elite Group prezidenti Ramona Maneskuning fikricha, transport, energetika va raqamli infratuzilmani rivojlantirish, shuningdek, normativ bazadagi islohotlar O‘zbekistonni uzoq muddatli xorijiy investorlar uchun jozibador bozorga aylantirmoqda. U xususiy kapital oqimini ta’minlash uchun tartibga solishning barqarorligi, shaffoflik va moliyaviy institutlar ishonchliligi muhim ekanini qayd etdi.

AD Wealth boshqaruvchi hamkori Alisher Jumanov esa Aqua Power, Masdar va TAQA kabi kompaniyalar allaqachon O‘zbekiston iqtisodiyotining yirik xorijiy investorlariga aylanganini, yaqin yillarda ularga Fors ko‘rfazi davlatlarining islom banklari va investitsiya fondlari ham qo‘shilishi mumkinligini bildirdi.

Uning baholashicha, profil qonun qabul qilinganidan keyin keyingi 10 yil ichida O‘zbekiston hamkorlik moliyasi segmenti bo‘yicha dunyodagi eng yuqori o‘sish sur’atlarini namoyon etishi mumkin. Biroq buning uchun bozordagi barcha ishtirokchilar uchun teng raqobat sharoitlarini saqlash va siyosiy barqarorlikni ta’minlash muhim hisoblanadi.

IMAN fintex kompaniyasi asoschisi Rustam Rahmatovning qayd etishicha, O‘zbekiston aholisining qariyb 95 foizi islom diniga e’tiqod qiladi va fuqarolarning muayyan qismi an’anaviy kredit mahsulotlaridan foydalanishni istamaydi. Shu sababli shariat tamoyillariga asoslangan moliyaviy instrumentlarni joriy etish bank xizmatlaridan chetda qolayotgan aholini rasmiy iqtisodiyotga jalb qilish imkonini beradi.

Panel muhokamalari davomida Islom taraqqiyot banki va boshqa ixtisoslashgan xalqaro institutlar vakillari Markaziy bank bilan hamkorlik va maslahatlashuvlarni boshlagani ham ma’lum qilindi. Bu esa O‘zbekistonning mintaqadagi islom moliyasi markazlaridan biriga aylanish salohiyatini yanada kuchaytirishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid