O‘zbekistonliklar hamon eng ko‘p kommunal xizmatlar narxi oshishidan xavotirda
May oyida aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari pasayishda davom etgan bo‘lsa-da, kommunal xizmatlar hamda yoqilg‘i-energiya narxlarining qimmatlashishiga oid xavotirlar saqlanib qolmoqda.

2026 yil may oyida aholining yillik inflyatsion kutilmalari 10,1 foizni tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 0,2 foiz bandga pasaydi. Tadbirkorlik subyektlarining kutilmalari esa aholinikidan ko‘proq, 0,3 foiz bandga kamayib, 10 foiz darajasida shakllandi. Bu haqda Markaziy bankning aholi va tadbirkorlar orasida o‘tkazgan an’anaviy so‘rovnomasi natijalarida keltirib o‘tilgan.
So‘nggi oylarda inflyatsion kutilmalarning pasayish sur’atlari sezilarli darajada tezlashgani qayd etilmoqda.
Asosiy omillar saqlanmoqda
Markaziy bank sharhiga ko‘ra, aholi fikricha, narxlar o‘sishiga ta’sir qiluvchi asosiy omillar orasida kommunal xizmatlar hamda yoqilg‘i-energiya resurslari narxlarining oshishiga oid xavotirlar yetakchilik qilmoqda. Bu omillarni qayd etgan respondentlar ulushi o‘tgan oylarga nisbatan sezilarli darajada oshgan.
Shuningdek, transport xarajatlari va monopoliya va narxlarning sun’iy oshirilishi bilan bog‘liq xavotir bildirganlar soni ham ko‘paygan. Asosiy oziq-ovqatlarning qimmatlashishidan xavotir bildirgan respondentlar soni o‘tgan oyga nisbatan sezilarli kamaygan.

Markaziy Bank
Tadbirkorlar orasida ham ushbu omillar inflyatsion kutilmalarga asosiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillar sifatida saqlanib qolmoqda, bunda transport xarajatlarining oshishi ham qo‘shimcha ta’sir qiluvchi faktor sifatida qayd etilgan.
Shuningdek, xomashyo narxlarining qimmatlashishi, valuta kursidagi o‘zgarishlar, ish haqi va nafaqalarning oshishi va soliq yukining yuqoriligiga oid xavotir bildirgan tadbirkorlar ulushi esa qisqargan.

Markaziy Bank
Sohalar va hududlar kesimida farqlar
Aholi guruhlari orasida eng yuqori inflyatsion kutilmalar pensionerlar tomonidan bildirilgan bo‘lsa, eng past ko‘rsatkich talabalar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Markaziy Bank
Tadbirkorlar kesimida esa eng yuqori kutilmalar qurilish, ishlab chiqarish hamda tashish xizmatlari sohalarida qayd etilgan. Kafe-restoran xizmati va tashish xizmatlarida eng past darajalar kuzatilgan.

Markaziy Bank
Hududiy jihatdan qaralganda, inflyatsion kutilmalarning eng yuqori ko‘rsatkichlari aholi orasida Toshkent shahrida, tadbirkorlar orasida esa Jizzax viloyatida qayd etilgan. Eng past ko‘rsatkichlar aholi orasida Namangan, tadbirkorlar orasida esa Andijon viloyatlarida kuzatilgan.

Markaziy Bank
Daromad va inflatsiya bog‘liqligi
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, aholining daromad darajasi inflyatsion kutilmalarga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. May oyida o‘tkazilgan so‘rov natijalari yuqori daromadli aholi qatlami orasida inflatsiya bo‘yicha xavotirlar nisbatan yuqoriroq ekanini ko‘rsatdi.
Xususan, oylik daromadi 30 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan respondentlarda inflyatsion kutilmalar 13,9 foizni tashkil etgan bo‘lib, bu umumiy o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori hisoblanadi. Shuningdek, 20–30 mln so‘m daromadga ega aholi guruhida mazkur ko‘rsatkich 12,3 foizga yetgan.
Pastroq daromadli aholi qatlamlarida esa inflyatsion kutilmalar nisbatan barqaror shakllangan. Masalan, oylik daromadi 2–4 mln so‘m bo‘lgan aholi orasida bu ko‘rsatkich 9,4 foizni, 2 mln so‘mgacha daromadga ega aholida esa 8,2 foizni, daromadga ega emaslar orasida 8,9 foizni tashkil etgan. Umuman olganda, so‘rovda qatnashgan 3 475 nafar respondent bo‘yicha o‘rtacha inflyatsion kutilmalar 10,1 foiz darajasida qayd etilgan.
Teglar






