
483 mln so‘mgacha: imtiyozli ipoteka krediti miqdori 15 foizga oshiriladi
2026 yilda uy sotib olish uchun subsidiyalarga 2,7 trln so‘m ajratiladi. Bu raqam kelgusi yillarda o‘sib borishi kutilmoqda.

2026 yilda O‘zbekistonda bitta kvartira uchun ajratiladigan imtiyozli ipoteka krediti miqdori 15 foizga oshiriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga murojaatnomasida ma’lum qildi.
Ayni paytda o‘zbekistonliklar uchun imtiyozli ipoteka krediti “Yangi tartib” asosida 17-18 foizdan ajratiladi. Maksimal miqdor esa Toshkent shahrida 420 mln so‘mni, viloyatlar va Qoraqalpog‘istonda 330 mln so‘mni tashkil qiladi.
15 foizga oshirilgach 2026 yilda imtiyozli ipoteka kreditining maksimal miqdori Toshkent shahrida 483 mln so‘mgacha, viloyatlar va Qoraqalpog‘istonda 380 mln so‘mgacha ko‘tariladi.
2025 yilning 9 oyi davomida 25 mingga yaqin O‘zbekiston aholisi 7,3 trln so‘mlik kam foizli ipoteka kreditlaridan foydalandi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning mos davriga nisbatan 1,2 trln so‘mga ko‘paydi.

So‘nggi yillarda uylar narxining o‘sishi fonida imtiyozli ipoteka kreditlarining miqdori 15 foizga oshirilishi aholining uy-joy xarid qilish qobiliyatini yaxshilashga yordam beradi.
Kam foizli ipoteka krediti miqdorining oshirilishi subsidiyalarga ham ta’sir qilishi mumkin. Sababi talabgor xohishiga ko‘ra, subsidiyalarni dastlabki to‘lovning bir qismini qoplash uchun — ajratiladigan kreditning 15 foizi miqdorida olish imkoniyati mavjud.
Ko‘proq subsidiyalar beriladi
Shuningdek, 2026 yilda uy-joy sotib olishda boshlang‘ich to‘lov va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun 2,7 trln so‘m subsidiya berilishi ma’lum qilindi. Subsidiya miqdori bo‘yicha so‘nggi yillardagi holatni infografikada ko‘rishingiz mumkin:

Ipoteka krediti uchun subsidiyalar ajratishda 2025 yil muhim bo‘ldi. Joriy yilda 2024 yilga nisbatan 1,1 trln so‘mga ko‘proq subsidiyalar ajratilishi kutilmoqda.
Yil davomida bir necha marta subsidiyalarga ariza qabul qilish ochildi va foydalanilmagan subsidiyalar uchun qayta arizalar qabul qilindi.
Arizalarni Davlat xizmatlari markazlariga bevosita borgan holda yoki “my.gov.uz” orqali mustaqil ravishda topshirish mumkin.
1-dekabr holatiga ko‘ra, ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar uchun 1,9 trln so‘m mablag‘ to‘lab berilgan. Bunda 109 mingga yaqin o‘zbekistonlik subsidiyadan foydalangan.

11 oyda boshlang‘ich badal uchun 587,1 mlrd so‘m, ipoteka krediti bo‘yicha foiz to‘lovlarini bir qismini qoplash uchun 1,3 trln so‘m ajratilgan.
Eng ko‘p subsidiyalar “Milliy bank” (429,6 mlrd so‘m), “Ipoteka bank” (403,4 mlrd so‘m) va “BRB” (293,8 mlrd so‘m) orqali to‘lab berilgan.
Teglar






